SSV Matbuot xizmati buyrak transplantasiyasi bo`yicha ma`lumot berdi.
Savollarga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibaev javob berdi:
— Kasallikning qaysi darajasida buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajariladi?
— Buyrak etishmovchiligining rivojlanganlik darajasi besh bosqichga bo`linadi. Xastalik beshinchi daraja — terminal bosqichgacha etgan bo`lsa, ya`ni buyrak faoliyati keskin pasayib ketib, organizm talablariga to`liq javob bera olmay qolsa va bunday jarrohlik amaliyotini o`tkazishga monelik qilivchi omillar bo`lmasa, buyrak transplantasiyasini amalga oshirish zarur.
Umuman olganda, surunkali buyrak etishmovchiligining terminal bosqichida bemorlar hayotini saqlab qolish uchun buyrakning o`rnini bosuvchi terapiyasi amalga oshiriladi.
Bu terapiya gemodializ, peritoneal dializ va buyrak transplantasiyasini o`z ichiga oladi. Buyrak transplantasiyasining qolgan ikkita muolajadan afzalligi shundaki, bemorning umr ko`rish davomiyligi 1,5-2 baravarga oshadi.
Gemodializda bemor sun`iy buyrak apparatiga bog`liq bo`lib qoladi, harakatlanishi cheklanadi, hayot sifatlari buziladi. Bundan tashqari, gemodializ muolajasi ancha qimmat prosedura hisoblanib, dori-darmonlari, dializator apparatlariga sarflanadigan xarajatlardan ko`ra, buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bir necha barobar arzonroq ham bo`ladi.
Buyrak transplantasiyasi bolalar uchun “tanlangan usul”dir. Ya`ni gemodializ muolajasining bolalar jismoniy rivojlanishiga katta zarar etkazishi hisobga olinib, ularda ko`proq buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyotini tanlash ma`qul ko`riladi.
Immunodepressant va gormonal dori vositalari qabul qilgani sababli buyrak transplantasiyasini boshidan kechirgan bemorlarning immuniteti pasayadi.
Shuning uchun, bunday bemorlar havo-tomchi yo`llari orqali yuquvchi o`tkir resperator hamda gripp kasalliklarini yuqtirib olishdan saqlanishlari, mo`tadil haroratdagi suyuqliklarni iste`mol qilishi, badan tarbiya va sog`lom ovqatlanish qoidalariga rioya qilib yashashlari maqsadga muvofiq bo`ladi.
Shuningdek, buyrak ko`chirish amaliyotidan keyin bemorlarga tamaki mahsulotlari, spirtli ichimliklar, nosteroid yallig`lanishga qarshi dori vositalari, antasidlar, biologik faol qo`shimchalar iste`mol qilish, og`ir sport turlari va mehnat bilan shug`ullanish tavsiya qilinmaydi.
— Buyrak transplantasiyasi sohasida O`zbekiston qanday salohiyatga ega?
— Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko`rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroridan so`ng mamalakatimizda nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantasiyasi sohasiga alohida e`tibor qaratildi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko`chirish amaliyotini bajarishga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, hozirgi kunlarda viloyatlardagi ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida ham buyrak transplantasiyasi amalga oshirib kelinmoqda. Oxirgi 3 yil davomida mamlakatimizda 400 ga yaqin buyrak ko`chirish bilan bog`liq murakkab jarrohlik amaliyoti o`tkazildi.
Ayni paytda markazimizda ta`mirlash ishlari tugatilgan yangi tibbiet mussasasi barpo etildi, xozirda zamonaviy tibbiy texnik jihozlar ko`paytirib, transplantasiya faoliyatini kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
2022-yildan ushbu tibbiyot muassasasida buyrak va jigar trnasplantasiyasini amalga oshirish mumkin bo`ladi va buning natijasida, mamlakatimizda amalga oshiriladigan buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyotlari ikki barobarga ko`payadi.
Shu yo`nalishdagi kadrlarimiz soni va sifatini oshirish maqsadida jahonning tibbiyot sohasidagi etakchi hisoblangan Hindiston, Rossiya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlar bilan hamkorlik, memorandum shartnomalari imzolangan. Unga ko`ra, ana shu davlatlarga yosh mutaxassislarimizni malaka oshirish uchun rejali ravishda yuborishimiz mumkin bo`ladi.






