Facebook’da foydalanuvchi tomonidan qoldirilgan postda Qarshi shahridagi viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida og`ir ahvolda yotgan bemor Sharipova Nargizaga etarli e`tibor qaratilmayotganligi ma`lum qilingan.
Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko`ra, murojaat viloyat hokimligi va viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olinib, mazkur boshqarma boshlig`ining birinchi o`rinbosari Shavkat Mamadiev boshchiligidagi mutasaddilar tomonidan o`rganilgan.
Aniqlanishicha, bemor Nargiza Sharipova 1981 yilda tug`ilgan, Qarshi shahrida yashaydi. Mazkur shifoxonaga shu yilning 28 iyul kuni koronavirus tashxisi bilan keltirilgan. Kelgan sanasining o`zida MSKT tekshiruvida ikkala o`pkasida pnevmoniya - 55 foiz zararlanish aniqlangan. Shuningdek, unda semizlikning II darajasi mavjud.
Yaqinlarining qayd etishicha, kasallik belgilari shifoxonaga keltirilishidan bir hafta ilgari paydo bo`lgan. Bemor shu muddat davomida uyda davolangan.
Ma`lum qilinishicha, bemorda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlar asosida barcha muolajalar etarli darajada olib borilmoqda. Ayni paytda kasallik kechuvi bo`yicha ahvoli og`ir. IVL uskunasi orqali kislorodga ulangan.
Bemor qo`shimcha mutaxassislar ko`rigidan o`tkazilib, nazoratni yanada kuchaytirish bo`yicha choralar belgilandi.






