Oliy Majlis Senatining Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda joriy yilning iyul - noyabr oylarida "Eng yaxshi ijtimoiy tashabbus" ko`rik tanlovi o`tkazilishini e`lon qildi.
Tanlovning asosiy maqsadi:
- hududlarda ijtimoiy masalalarni muvaffaqqiyatli hal etishga qaratilgan tashabbuslarni qo`llab - quvvatlash;
- ijtimoy tashabbuslar orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo`llab - quvvatlash;
- ijtimoiy tashabbus ko`rsatgan ishtirokchilarning ilg`or tajribasini aniqlash, umumlashtirish va targ`ib qilish.
Tanlov uch bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich iyul - avgust oylarida tumanlar va shaharlar miqyosida. Ikkinchi bosqich sentyabr - oktyabr oylarida viloyatlar miqyosida, uchinchi bosqich noyabr oyida respublika miqyosida o`tkaziladi.
Tanlov ishtirokchilari ijtimoiy tashabbusni hayotga tatbiq etish bo`yicha amalga oshirilgan ishlarni aks ettiruvchi 5 daqiqadan oshmagan videorolik, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy tashabbusni yoritishga oid chop etilgan maqolalar, televideniya yoki radiodagi chiqishlarni asoslovchi hujjatlarni taqdim etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish hujjatlar joriy yilning 15 avgustiga qadar Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari kotibiyatlari tomonidan qabul qilinadi.






