AsosiyJamiyat

Qonunchilik palatasi deputatining yordamchisi lavozimi joriy qilinmoqda

'Qonunchilik palatasi deputatining yordamchisi lavozimi joriy qilinmoqda'ning rasmi

Deputat bilan saylovchilar o`rtasida yaqin aloqani yo`lga qo`yish maqsadida deputat yordamchisi institutini joriy etish zaruratini tug`dirmoqda. Shu bois, Qonunchilik palatasi tomonidan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig`ilishida deputatlar ushbu qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.  

Ta`kidlash lozim, ushbu tashabbus “Milliy tiklanish” fraksiyasi tomonidan ilgari surilgan bo`lib, 2020 yilning yanvarida bo`lib o`tgan fraksiyaning birinchi ta`sis yig`ilishida bu haqda ma`lum qilingan edi. O`shanda fraksiya rahbari Alisher Qodirov yangi institut haqida gapirib, endi 36 nafar fraksiya a`zosining o`z saylov hududida 36 nafar yordamchisi bo`lishini va ular Toshkentda o`tirgan deputatlarning joylardagi “ko`zi” va “qulog`i” bo`lishini ta`kidlagan edi.

“Xodimning ma`lumoti ahamiyatsiz. Muhimi u xalq bilan muloqot qilishda, muammolarni hal qilishda deputatga yaqin ko`makchi bo`lsin. Ular tumanda kimningdir xizmatchisi bo`lmaydi. U faqat deputatga bo`ysinuvchi, uning tavsiyasi bilan ishga olinib, ishdan bo`shatiluvchi kadr bo`ladi”, – degan edi fraksiya rahbari.

Bugun ushbu tashabbus qo`llab-quvvatlanib, butun Qonunchilik palatasiga joriy qilinmoqda va shundan kelib chiqib, “Siyosiy partiyalar to`g`risida” hamda “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a`zosining maqomi to`g`risida”gi qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Ya`ni, deputat yordamchisi qo`yiladigan talablar, vazifalar, ishga qabul qilish va mehnatiga haq to`lash, ular tomonidan amalga oshiriladigan normalar belgilanmoqda.

Unga ko`ra, deputat yordamchisi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va u deputat bilan yaqin qarindosh va sudlanmagan bo`lishi lozim. Unga haq to`lash siyosiy partiya mablag`i hisobidan amalga oshiriladi. U saylovchilarni Qonunchilik palatasidagi deputati faoliyatidan, o`z navbatida deputatni saylov okrugida yuz berayotgan voqealar, fuqarolar murojaati, mahalliy ijro hokimiyati qarorlaridan xabardor qilib turadi.

Fraksiya a`zolari yangi institut deputatlar faoliyati samaradorligini ta`minlashi bilan birga odamlar og`irini engil qilishdagi ahamiyatini e`tiborga olib ushbu qonun loyihasini ma`qulladilar.

 

    Boshqa yangiliklar