Bugun «Global Jewish Assistance and Relief Network» (AQSh) jamg`armasi tomonidan beg`araz yordam sifatida taqdim etilgan tibbiy niqoblarining birinchi qismi O`zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi va Isroildagi elchixonasi hamkorligida «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi samolyotida Toshkentga etkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Umumiy qiymati 330 ming dollardan ziyod bo`lgan qariyb 270 ming dona tibbiy niqoblarning 134 ming 400 donasi bugun mamlakatimizga olib kelindi.
- Shu kunga qadar pandemiyaga qarshi kurash doirasida jamg`armamiz Rossiya, Ukraina, Belarus va Moldovaga 200 million AQSh dollaridan ziyod miqdordagi gumanitar ko`mak yubordi, - dedi «Global Jewish Assistance and Relief Network» jamg`armasi asoschisi va direktori Eliezer Avtzon. - Bugun birinchi marta koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko`maklashish uchun O`zbekistonga turli rusumdagi tibbiy niqoblarni jo`natdik.
O`zbekiston men juda qadrdon mamlakat. Ota va onam Ikkinchi jahon urushi yillarida O`zbekistonga evakuasiya qilingan. Ular Toshkent shahrida tanishgan va turmush qurgan. Qiyin pallada ota-onamga boshpana bergan O`zbekiston va uning mehmondo`st, bag`rikeng xalqiga butun oilamiz nomidan minnatdorlik bildiraman. O`zbek xalqining chin insoniy tuyg`ulari natijasida urush yillarida yashashdan butun umidini uzgan minglab insonlar, jumladan, ota-onamga omon qolish nasib etgan. Men ushbu xayriya ko`magini o`zbek xalqi oldidagi o`z burchim, deb bilaman va bu ishga qo`l urganim menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi. Jamg`armamiz tomonidan O`zbekiston xalqiga gumanitar yordam yuborish amaliyotini bundan keyin davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz.
Mazkur insonparvarlik yukini O`zbekistonga yuborish xarajatlari Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan vatandoshimiz Furqat Rajabov hisobidan qoplandi.
Samarqand viloyatida tug`ilib o`sgan yurtdoshimiz bir necha yil oldin AQShda «Ideal Transit LLS» transport kompaniyasiga asos solgan.
- Butun er kurrasini qamrab olgan koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat hech birimizni befarq qoldirmaydi, - dedi F.Rajabov. – AQSh jamg`armasi tomonidan taqdim etilgan tibbiy niqoblarning dastlabki turkumini yurtimizga yuborishga hissa qo`shganimizdan mamnunmiz.
Mazkur niqoblar o`rnatilgan tartibda respublikamizning tegishli tibbiyot muassasalari o`rtasida tarqatiladi. Shuningdek, niqoblarning ikkinchi turkumi ham tez kunlarda O`zbekistonga olib kelinadi.






