AsosiyJamiyat

Prokuratura kredit qurboni bo`lganligi aytilgan farg`onalik fuqaro buyicha bayonot berdi

'Prokuratura kredit qurboni bo`lganligi aytilgan farg`onalik fuqaro buyicha bayonot berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro A.Sobirovning soxta kredit qurboni bo`lganligi haqidagi murojaati tarqaldi.

Farg`ona viloyat prokuraturasining rasmiy bayonotiga ko`ra,  Qo`qon shahridagi MChJ ta`sischisi R.N., rahbari Yo.K.lar shahardagi bank filialidan 23.09.2019 yilda 823-sonli shartnoma asosida tikuv dastgohlari sotib olish uchun 800 mln. so`m imtiyozli kredit olib, uni maqsadsiz sarflab, mablag`larni talon-toroj qilishgan.

Shuningdek, R.N. ishlab chiqarish kooperativi rahbari lavozimida ishlab, aholi bandligiga ko`maklashish markazi mansabdor shaxslari bilan o`zaro jinoiy til biriktirib, 111,5 mln. so`mlik subsidiya mablag`larini talon-toroj qilgan.

Ushbu holatlar yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari yuzasidan Qo`qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov olib borilgan.

Tergovda R.N.ning yuqoridagi jinoiy xatti-harakatlari JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi  “a”, “b” bandlari va 3-qismi bilan malakalanib, uning vafoti munosabati bilan jinoyat ishining unga nisbatan qismi 17.07.2021 yilda  JPKning 84-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan tugatilgan.

Jamiyat rahbari Yo.K. yuqoridagi juda ko`p miqdordagi imtiyozli kredit mablag`larini talon-toroj qilganligi sababli 17.07.2021 yilda JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari hamda aholi bandligiga ko`maklashish markazi direktori o`rinbosari M.I., mutaxassisi U.Yu.lar soxta hujjatlardan foydalanib, jamg`arma mablag`larini talon-toroj qilganligi uchun JKning 167-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari,  209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan.

Tergov jarayonida mutaxassislar ishtirokida o`tkazilgan taftishda jamiyatga kredit mablag`lari qonuniy asoslarda ajratilganligi, shu jumladan dastlab jamiyatga kredit shartnomasi bo`yicha tikuv dastgohlarini olib kelinganligi aniqlangan, shu tufayli jinoyat ishining bank mansabdor shaxslariga nisbatan qismi ularning harakatlarida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi sababli 17.07.2021 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan.

Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, mazmunan ko`rib chiqish uchun 26.07.2021 yilda JIB Qo`qon shahar sudiga yuborilgan.

Tergovda yuqoridagi kredit ta`minoti sifatida fuqaro A.Sobirovning Qo`qon shahar, Muxsiniy Loyixaviy ko`chasi, 9-, 11-uylarda joylashgan noturar bino va inshootlari uning roziligi asosida garovga qo`yilib, garov shartnomasining haqiqiyligi notarial tasdiqlanganligi aniqlangan.

Shu jumladan, A.Sobirov 26.05.2021 yilda shahar prokuraturasiga taklif etilib, guvoh tariqasida so`roq qilinganda u bino-inshootlarini o`z xoxshiga ko`ra kredit ta`minoti uchun garovga qo`yganligi, hujjatlari o`zi imzolab berganligini ko`rsatgan.

Kredit muddatida qaytarilmaganligi tufayli fuqarolik ishi bir necha marotaba sud instansiyalarida ko`rilib, FIB Qo`qon tumanlararo sudining 29.03.2021 yildagi hal qiluv qarori bilan jamiyatning kreditdan bo`lgan qarzdorligini undirish A.Sobirovning bino-inshootlariga qaratilgan hamda hal qiluv qarori FIB viloyat sudlov hay`atining 27.07.2021 yilgi ajrimi bilan o`z kuchida qoldirilgan.

    Boshqa yangiliklar