AsosiyJamiyat

Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun ariza va nomzodlar to`g`risida ma`lumotlar taqdim etdi

'Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun ariza va nomzodlar to`g`risida ma`lumotlar taqdim etdi'ning rasmi

Joriy yilning 10 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasining vakolatli vakillari partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat so`rab berilgan arizalarni taqdim etdi.

O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 63-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida etmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga bir qator hujjatlarni taqdim etishi kerak.  Xususan, saylovda ishtirok etish to`g`risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro`yxatga olinganligi to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan ma`lumotnoma, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzod to`g`risidagi ma`lumotlar.

Tadbir davomida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko`rsatilgan ma`lumotnoma taqdim etildi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to`g`risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.

Boshqa yangiliklar