“COVID-19” infeksiyasini davolashda qatnashayotgan ba`zi xususiy tibbiyot muassasalari shartnomada ko`rsatilgan talablarga to`la amal qilmayapti. U erdagi bemorlarning barchasi ham belgilangan ko`rsatmalar asosida davolanayotgani yo`q. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Jumladan, bemorlarning kasallik tarixlari tahlil qilinganda ayrim nodavlat klinikalarda kasallarga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko`rsatma mavjud bo`lmasa-da, bir vaqtning o`zida ikki va undan ortiq antibiotik va gormonlar buyurilayotgani ma`lum bo`lmoqda.
Ayrim xususiy klinikalarda esa bemorlarga davolash standartlariga zid ravishda me`yordan ortiq darajada infuzion suyuqliklar quyilayotgani aniqlanmoqda.
Shuningdek, etarli bilim va saviyaga ega bo`lmagan, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilinmagan bunday shifoxonalarda muolaja olayotgan ko`plab bemorlar og`ir asoratlar bilan ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o`tkazilmoqda. Bu esa tig`iz ish tartibida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar ishini yanada qiyinlashtirmoqda.
— “COVID-19” infeksiyasiga chalingan bemorni kasallikning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bir vaqtning o`zida bir necha antibotik va gormonlarni qo`llash xastalikning tez suratda og`ir shaklga o`tib ketishiga sabab bo`ladi, — deydi Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar HUSANOV. — Afsuski, bugun uy sharoitida, qolaversa, ba`zi xususiy tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolashda aynan ana shu xatoliklarga yo`l qo`yilmoqda.
Buning natijasida joriy yil iyun-iyul oyida birgina Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda poytaxtimizdagi 20 dan ziyod xususiy tibbiyot klinikasida davolangan 31 nafar “COVID-19”ga chalingan bemor og`ir ahvolda olib kelingan.
Bugunga kelib, ushbu bemorlarning 7 nafari shifokorlarimizning sa`y-harakatlari sabab kasallikdan butunlay sog`aygan bo`lsa, qolgan bemorlar esa jonlantirish bo`limida davo muolajalarini olmoqda. Eng yomoni, ushbu bemorlar orasida o`lim holatlari ham qayd etilmoqda. Bu esa achinarli holatdir.
Joriy yil 21 iyul kuni Yakkasaroy tumanida yashovchi 1989 yilda tug`ilgan fuqaro U.Sh. Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o`ta og`ir ahvolda olib kelingan. Bungacha bu bemor o`zboshimchalik bilan uy sharoitida, so`ng poytaxtimizdagi xususiy klinikalarning birida antibakterial, puls terapiya, virusga qarshi antikogulyant davo choralarini olgan. Bemorning umumiy ahvolida o`zgarish bo`lmagach, bizga murojaat qilgan.
Bemorda koronavirus infeksiyasining og`ir darajada kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o`pka shishi, ORDS sindromi kabi belgilar aniqlangan. Afsuski, kerakli tekshiruv va davo muolajalariga qaramasdan, bu bemor shu yil 29 iyul kuni vafot etgan.
Shu o`rinda xususiy tibbiyot klinikalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlardan koronavirus chalingan bemorlarni davolashda belgilangan ko`rsatmalarga amal qilishlarini, dori vositalarini o`rnatilgan qoidalarga muvofiq tayinlashlarini so`rab qolaman.
Eslatib o`tamiz, bugungacha poytaxtimizdagi 25 ta, viloyatlardagi 6 ta xususiy shifoxonaga “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha ruxsat berilgan bo`lib, yaqinda poytaxtimizdagi “ASIA SHINE HOSPITAL” xususiy shifoxonasi bilan Toshkent shahar sog`liqni saqlash boshqarmasi o`rtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha 2021 yil 19 iyulda imzolangan shartnoma bir tomonlama bekor qilingan.