AsosiyJamiyat

"Mamlakatimizdagi o`rtacha ko`rsatkichdan past" – Davlat rahbari Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi

'"Mamlakatimizdagi o`rtacha ko`rsatkichdan past" – Davlat rahbari Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 10 avgust kuni Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezidet Matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yil 3 avgust kuni bo`lib o`tgan birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar tahliliga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida Prezidentimiz Toshkent viloyatida sanoat rivoji uchun qulay sharoitlar borligi, bu sohada jiddiy o`zgarish qilish zarurligini ta`kidlagan edi. Shunga muvofiq, qo`shimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda qariyb 7 trillion 700 milliard so`mlik mahsulotlar tayyorlanib, o`sish 4,6 foizni tashkil etgan. Lekin bu mamlakatimizdagi o`rtacha ko`rsatkichdan past. Shu bois, yil yakunigacha jami 18 trillion so`mlik tovarlar ishlab chiqarib, yillik 8,5 foiz o`sishga erishish mo`ljallangan.

Buning uchun yangi loyihalarni amalga oshirish, kam quvvatda ishlayotgan yoki to`xtab qolgan korxonalarni qo`llab-quvvatlash, bo`sh turgan binolardan samarali foydalanish orqali hududiy sanoatni rivojlantirish asosiy maqsad qilib qo`yilgan. Shuningdek, transport-logistika, xizmatlar, qishloq xo`jaligi, qurilish sohalari ustuvor yo`nalish etib belgilangan.

Yig`ilishda ushbu sohalarda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.

Masalan, Zangiota tumanida 1 ming 494 ta sanoat korxonasi bor. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan qariyb 600 milliard so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bu yil 15 ta loyiha amalga oshirilib, yana 51 milliard so`mlik quvvat tashkil etiladi.

Zangiota sanoat markazi loyihasini alohida aytib o`tish mumkin. 116 gektar maydonda barpo etiladigan ushbu sanoat hududida 165 ta loyihani joylashtirish mo`ljallangan. Ularning samarasida 12 mingta ish o`rni yaratish, 48 million dollarlik eksport qilish va 9 million dollarlik import o`rnini to`ldirish hisob-kitob qilingan.

Angren shahrida korxonalar soni nisbatan kam – 577 ta bo`lsa-da, ularning salohiyati yuqori. Shaharning Toshkent viloyati sanoat hajmidagi ulushi 28 foiz. Joriy yilning 6 oyida u erda 2 trillion so`mlikdan ziyod mahsulotlar tayyorlangan. Ikkinchi yarim yillikda yana 15 ta loyiha ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 560 million dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 39 mingta ish o`rni, 3 trillion so`mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilishi ko`zda tutilgan.

Toshkent tumanida umumiy qiymati 335 milliard so`mlik 32 ta, Chirchiq shahrida umumiy qiymati 422 milliard so`mlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yig`ilishda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi imkoniyatlar ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida imkoniyatlardan to`g`ri foydalanilmayotganini qayd etib, sanoat tarmoqlarida yangi loyihalarni ko`paytirish, qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligini ta`kidladi. Yil yakuni bilan hududiy sanoat hajmini 40 foizga oshirish vazifasi qo`yildi. 

Mavjud zavodlar faoliyatini kengaytirish, sanoati rivojlanmagan tumanlarda korxonalar tashkil etish, yo`l bo`yi xizmatlarini rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Boshqa yangiliklar