6-avgust kuni fuqaro X.S. Toshkent viloyati IIBBga noqonuniy er savdosi yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Holatning keyingi tafsilotlarini IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi ma`lum qildi.
Fuqaro o`z arizasida o`zlarini “DAVRON OMAD SERVIS” MChJ ta`sischilari deb tanishtirgan “Begzod” va “Davron” ismli shaxslar Bo`stonliq tumani hokimining 16.05.2016-yildagi 626-sonli qarori bilan bog` barpo etish va obodonlashtirish uchun mazkur jamiyatga 30 yilga ijaraga berilgan Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani “Bo`stonliq” QFYda joylashgan 16 GA er maydonini 5.000.000 AQSh dollariga sotishlarini, oldindan bo`nak sifatida 200.000 AQSh dollari berishini talab qilayotganliklarini ma`lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Toshkent viloyati IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi, DXX Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahar Yunusobod tumani, Mustaqillik ko`chasida joylashgan “KREDO” restoranida R.G. va D.J.lar ariza muallifi X.S.dan 200.000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan, shu kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan R.G.
va D.J.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28/211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






