Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan avtomobil yo`llari sohasida moliyaviy ochiqlik va jamoatchilik oldida hisobdorlikni ta`minlashga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati "Darakchi.uz"ga ma`lum qildi.
Mazkur qaror bilan quyidagi yangiliklar joriy etilishi kutilyapti.
Hamma uchun ochiq bo`lgan “SHAFFOF YO’L” onlayn axborot platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Platformada:
– avtomobil yo`llari qurilishi bo`yicha barcha davlat dasturlari va mahalliy dasturlar bir joyda jamlanadi;
– qurilishi va ta`mirlanishi rejalashtirilgan yo`llarning barchasi onlayn-xaritada yaqqol ko`rinib turadi, ya`ni ta`mirlanayotgan yo`llar qandaydir “4K66” kabi tushunarsiz raqamlar bilan emas, balki shahar va ko`cha nomigacha ushbu platformadan va mobil telefondan ko`rib turish mumkin bo`ladi;
– shu xaritaning o`zida qurilishi yoki ta`mirlashni amalga oshirayotgan tashkilot, sarflanayotgan mablag`, bajarilgan ishlarning ahvolini bevosita kuzatib borish imkoni paydo bo`ladi;
– yo`l jamg`armalarining barcha tushumlari real vaqt rejimida Platformada “onlayn-hisoblagich”da ko`rinib turadi, ya`ni masalan avtomobilingizni ro`yxatdan o`tkazganda yo`l jamg`armasiga to`langan mablag` qaerga ketganligini shu zahoti bilib olsa bo`ladi;
– aholiga yo`llar nosozligi, harakatlanish uchun paydo bo`lgan muammolar haqida foto- va videomurojaatlar qoldirish imkoniyati yaratiladi;
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi jamoatchilikni mazkur hujjat loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirib qoladi!