Prezidentimizning “Nogironligi bo`lgan shaxslarga ko`rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, eshitish qobiliyati zaif bolalarni davolashni sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqish hamda nogironligi bo`lgan shaxslarning odatiy hayotga moslashuvini osonlashtirish borasida 2021 yil va kelgusi yillarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
- har yili kamida 140 nafar bemor bolada ko`krak qafasi deformasiyasini davolash uchun 150 ta maxsus plastinalarni xarid qilish va o`rnatish;
- bemor bolalarga tug`ma oyoq-qo`l patologiyalarini davolash uchun 350 ta Ilizarov apparatlarini xarid qilish;
- har yili kamida 100 nafar bemor bolaga jarrohlik amaliyotlari davomida suyak defektlarini to`g`rilash uchun Kollopan granulalarini xarid qilish;
- bolalar serebral falaji, umurtqa pog`onasining patologik sinishi bilan kasallangan bolalar va kattalarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun Nogironligi bo`lgan shaxslarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlarini 2021–2023 yillarda 54 ta, shundan 2021 yilda 14 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi bilan ta`minlash;
- 2021–2025 yillarda 11,6 ming dona, shu jumladan 2021 yilda 1100 dona elektro-pultli nogironlar uchun kreslo-aravachalarini xarid qilish;
- ko`zi ojiz bolalar va kattalarni 9 ming dona ovozli termometr, 10 ming dona ovozli tonometr, 20 ming dona yig`ma Brayl alifbosi bilan ta`minlash;
- o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar og`ir va favqulodda vaziyatlarga tushganda ularga tezkor yordam ko`rsatish haqida xabar berishning innovasion loyihasini amaliyotga joriy etish.
Bunda, 2021 yilda 5 mingtagacha va 2022–2023 yillarda 12 mingta maxsus funksiyaga ega soatning (“Aqlli soat”) Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan tegishli toifadagi shaxslarga etkazib berilishini yo`lga qo`yish.






