AsosiyJinoyat

Jizzaxda qalbaki malaka sertifikati bilan davlat byudjetiga zarar keltirgan shifokorlarning sirlari ochildi

'Jizzaxda qalbaki malaka sertifikati bilan davlat byudjetiga zarar keltirgan shifokorlarning sirlari ochildi'ning rasmi

Barno A. o`n to`rt yildan buyon Jizzah shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 4 sonli oilaviy poliklinikada bolalar shifokori vazifasida ishlab keladi. O`z kasbining moxir bilimdoni, qo`li engillligi sababli, odatda ota-onalar betob farzandlarini Barnoxonga ko`rsatishar, u belgilab bergan muolajalarni qilishadi. Shu sababli ham u nafaqat poliklinika hududida, balki butun shahar bo`ylab hurmatga sazovor shifokorlardan biri.

Barno A. 2018 yil dekabr oyida shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o`tkazish va ularga malaka toifalarini berish tartibi to`g`risidagi nizomga asosan Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutiga o`qishga yuboriladi. Ammo u belgilangan tartibda attestasiyadan o`tmasdan moddiy manfatdor bo`lish maqsadida “Bahrom” ismli shaxs bilan tanishib, o`zaro til biriktiradi. Bahrom unga muayyan huquq beradigan rasmiy hujjat hisoblangan malaka toifasini belgilash haqidagi Sog`liqni saqlash vazirligining go`yoki 2018 yil 1 dekabr kuni 569-sonli buyrug`iga asosan  oliy malaka toifasi berilganligi haqidagi qalbaki sertifikatni taqdim etadi. 

                                “200 DOLLAR BERING, HAMMASI HAL BO`LADI”

O`qish boshlangan dastlabki kunlarida muassasa hovlisida qisqa muddatli uchrashuvdan so`ng Bahrom “Agarda 200 AQSh dollaridan bersangizlar, sertifikatni hech qanday muammosiz olib uyga qaytishlaringiz mumkin” degan taklifni beradi. Arzimagan pul bilan ishi oson bitganidan xursand bo`lgan Barno Bahromga aytilgan summani berib, shu kunning o`zidayoq uyiga qaytadi. 

       Barno A. , sudlanuvchi:

- Bir necha kundan so`ng begona raqamdan qo`ng`iroq bo`lib, taksidan toifa sertifikatini yuborayotganligini aytishdi. Jo`natmani qabul qilib oldim va uning nusxasini bosh hisobchimizga topshirdim. Shundan keyin maoshimga qanchadir summa qo`shilib, oyligim oshdi. 2020 yilning oxirlarida meni prokuratura xodimlari chaqirib, malaka toifasini belgilovchi sertifikatim qalbaki ekanligini bildirishdi. Avvaliga ishonmadim. Keyin aldanganligimni tushunib etdim. Qilmishimdan pushaymonman.

                             SIRLAR OChILIShIGA NIMA SABAB BO`LDI?

Ma`lum bo`lishicha, 2020 yilning noyabr-dekabr oylarida Sog`liqni saqlash vazirligining maxsus ko`rsatma xatiga asosan Jizzax viloyati ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati Jizzax shahar tibbiyot birlashmasida 2015 yilning1 yanvaridan 2020 yilning 1 sentyabriga qadar attestasiyadan o`tgan vrachlarga malaka toifa sertifikatlari berilishining haqqoniyligi yuzasidan o`rganishlar olib borilgan. O`rganish davomida Sog`liqni saqlash vazirligining 2018 yil 1 dekabrdagi buyrug`i bilan Barno A.ga oliy toifasi uchun berilgan malaka sertifikati nusxasi buyruq ilovasida qayd qilingan sertifikatlar bilan taqqoslanganda boshqa shifokorga tegishli ekanligi aniqlangan. Bundan tashqari o`rganish yakuniy natijalariga ko`ra, shahar tibbiyot birlashmasi akusherlik kompleksi vrach terapevti Go`zal Sh, 2-oilaviy poliklinika stomatologi Dilnoza P. hamda ko`p tarmoqli markaziy poliklinika oftolmologi Manzura D.larning ham malaka sertifikatlari qalbaki ekanligi aniqlangan. Natijada ularga ortiqcha ish haqi mablag`lari to`lab yuborilgan.

                                SUD HUKMI QANDAY BO`LDI?

Alisher HAYDAROV,
 Jinoyat ishlari bo`yicha Jizzax shahar sudyasi:

- Ishni ko`rib chiqish jarayonida sudlanuvchilar yuqorida qayd etilgan jinoiy harakatlari uchun ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik, ya`ni aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zganing mulkini yoki o`zganing mulkiga bo`lgan huquqni qo`lga kiritish) hamda 228-moddasi 2-qismi “b” bandida (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Manzura D. o`n ikki million bir yuz sakkiz ming, Barno A. o`n ikki million sakkiz yuz ellik besh ming besh yuz, Go`zal Sh. etti million uch yuz o`n olti ming hamda Dilnoza P. to`rt million uch yuz qirq to`qqiz ming ikki yuz yigirma sakkiz so`m pullarni etkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi depozit hisob raqamiga topshirishgan. 

Biroq ular aybiga to`liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflanishi, oilaviy ahvoli, ayolligi, voyaga etmagan farzandlari borligi, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, uning sodir etgan jinoyati uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlar turkumiga kirishligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 70-moddasiga asosan jazodan ozod qilindi.

                                                                                                                                  Umidjon MAMARASULOV

Boshqa yangiliklar