“Nogironligi bo`lgan shaxslarga ko`rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra:
➖2021 yil yakunigacha 2 ming dona zamonaviy eshitish moslamalarini xarid qilinib, ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalarida o`qiyotgan eshitish qobiliyati zaif bolalarga etkaziladi;
➖ xarid qilinishi rejalashtirilgan 260 ta koxlear implantatlariga qo`shimcha ravishda 355 ta koxlear implantatlari sotib olinadi va 5 yoshgacha bolalarga jarrohlik amaliyoti orqali o`rnatiladi;
➖ 2021 yilda qo`shimcha 2 ming nafargacha, 2022 yildan boshlab har yili 3 ming nafargacha bolaga tug`ma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patologik o`zgarishlar (jumladan, gidrosefaliya) bo`yicha jarrohlik amaliyotlari o`tkaziladi;
➖ har yili kamida 110 nafar bemor bola uchun transpedikulyar tizim (fiksatorlar) to`plamlari xarid qilgan holda, ularda skolioz va umurtqa pog`onasining boshqa patologiyasi bo`yicha jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi;
➖ yiliga o`rtacha 1 000 nafar bolaga tug`ma va patologik son chiqishini jarrohlik amaliyotlari orqali davolash uchun zarur metall konstruksiyalari sotib olinadi;
➖ har yili kamida 140 nafar bemor bolada ko`krak qafasi deformasiyasini davolash uchun 150 ta maxsus plastinalar xarid qilinib, o`rnatiladi;
➖ bemor bolalarga tug`ma oyoq-qo`l patologiyalarini davolash uchun 350 ta Ilizarov apparatlari xarid qilinadi;
➖ har yili kamida 100 nafar bemor bolaga jarrohlik amaliyotlari davomida suyak defektlarini to`g`rilash uchun kollopan granulalarini xarid qilinadi;
➖ Nogironligi bo`lgan shaxslarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlari 2021–2023 yillarda 54 ta, shundan 2021 yilda 14 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi bilan ta`minlanadi;
➖ 2021–2025 yillarda 11,6 ming dona, shu jumladan 2021 yilda 1 100 dona elektr yuritmali kreslo-aravachalari xarid qilinadi;
➖ ko`zi ojiz bolalar va kattalar 9 ming dona ovozli termometr, 10 ming dona ovozli tonometr, 20 ming dona yig`ma Brayl alifbosi bilan ta`minlanadi;
➖ o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar og`ir va favqulodda vaziyatlarga tushganda ularga tezkor yordam ko`rsatish haqida xabar berishning innovasion loyihasi joriy etiladi. Bunda, 2021 yilda 5 mingtagacha va 2022–2023 yillarda 12 mingta maxsus funksiyaga ega soat (“Aqlli soat”) tegishli toifadagi shaxslarga etkazib beriladi.
Qarorga ko`ra shuningdek, 2022 yil 1 maygacha “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishga tushiriladi.






