Toshkent hokimi Muqimiy ko`chasida avtobuslar uchun 3 kilometrlik alohida yo`l harakatlanish bo`lagini ajratish ko`zda tutilgan qarorni imzoladi. Bundan tashqari, avtobus bekatlarini yangilash rejalashtirilmoqda, yo`l o`tkazgichlar qurilishi davom ettiriladi.Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev 11 avgust kuni «Toshkent shahar transport va yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirishning 2021 yilda amalga oshiriladigan ustuvor rejalari to`g`risida"gi qarorni imzoladi.
E-Qaror portaliga joylashtirilgan hujjatda qayd etilishicha, qaror «Toshkent shahar yo`lovchi transportida ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini hamda jamoat transporti jozibadorligini oshirish va tubdan yaxshilash, shahar aholisi va Toshkent shahriga tashrif buyuruvchi mehmonlarga qulayliklar yaratish maqsadida» qabul qilindi.
Qarorda Qurilish bosh boshqarmasi, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, IIBB YHXB transport boshqarmasiga uch oy muddatda «Oqtepa maydoni — Bog`ibo`ston ko`chasi» yo`nalishidagi umumiy uzunligi 3,38 km bo`lgan avtobus va yo`nalishli taksilar uchun alohida harakatlanish bo`lagini joriy etish topshirildi.






