FVV axborot xizmati rahbari o`rinbosari AOKAda bo`lib o`tayotgan brifingda suv havzalariga tushganda qaysi jihatlarga ahamiyat berish kerakligi haqidagi savollarga javob berdi. Unga ko`ra, sovuq suvda cho`milish qo`l-oyoq tomirlarining tortilishiga, oqibatda esa cho`kib ketishga olib keladi
"Cho`kish bilan bog`liq hodisalarning yuz bermasligi uchun avvalambor cho`milish qoidalariga qat`iy rioya qilish lozim. Suv havzalarida taqiqlangan joylarda cho`milish, notanish joylarda suvga sho`ng`ish, cho`milish vaqtida bolalarni qarovsiz qoldirish, sovuq suvga tasodifan tushgan inson cho`kib ketishi mumkinligini unutmaslik kerak;
Qorin och bo`lganda, charchaganda, chanqaganda, yaqinda bemorlikdan turganda, spirtli ichimlik iste`mol qilinganda, yolg`iz bo`lganda va oftob urish hollarida cho`milish maqsadga muvofiq emas;
Agar suv havzasining chuqurligi, holati noma`lum bo`lsa, bunday joylarda cho`milmaslik kerak;
Suzishni yaxshi bilmaydigan, jismoniy jihatdan quvvatsiz jarohatlangan insonlarning suvga tushishlari qat`iyan taqiqlanadi;
Sun`iy suzish havzalarida cho`milishdan oldin suzishga boruvchilar zaruriy ko`rsatmalarga amal qilishi va albatta maxsus kiyim (rezina shlyapa, cho`milish kiyimi, rezina oyoq kiyim, ko`zoynak)lardan foydalanilishi lozim.
Suv havzasiga tushganda quyidagi jihatlarga e`tiborli bo`ling:
- Basseynlarning kafellari sirpanchiq bo`lsa, bu suvning eskirganligidan dalolat, bunday havzalarda suv har uch kunda almashtirilib borilishi lozim;
- Ota – onalar o`z farzandlarini aslo kattalar uchun mo`ljallangan suv havzalarida cho`miltirmasligi lozim;
- Sovuq suvda cho`milish qo`l va oyoq tomirlarining tortilishiga olib kelishi mumkin.", deyiladi xabarda.






