2020 yil oktyabrda Olmaliq hokimining o`g`li o`rtoqlari bilan 56 yoshli erkak va uning o`g`lini kaltaklagani haqida xabar qilgan edik.
Ushbu jinoyat ishi ayblilik masalasi hal etilmay turib tugatilgan edi. 10 nafar shaxs o`zaro yarashib olganini aytib kiritgan iltimosnoma sud tomonidan qanoatlantirilgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB bir necha shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atgan edi.
Oliy sud matbuot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, JIB Yakkasaroy tuman sudi tomonidan jinoyat ishini ko`rib chiqish jarayonida taraflar o`zaro yarashib olgani hamda bir-biriga nisbatan da`vosi bo`lmagani sababli barcha sudlanuvchilar o`zlariga oid jinoyat ishini tugatishni so`rab, sudga iltimosnoma bilan murojaat qilgan.
Shunga asosan, sudning 2021 yil 12 avgustdagi ajrimi bilan Jinoyat kodeksi 277-moddasining turli qism va bandlari bilan ayblangan jami 10 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 65-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, ularga oid jinoyat ishi Jinoyat-prosessual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 1-bandiga asosan aybliligi haqidagi masala hal qilinmay turib, harakatdan tugatilgan.
Eslatib o`tamiz, yuqoridagi voqea videosi paydo bo`lishidan oldinroq hokimning o`g`li Toshkent ko`chalarida 150 km/soat tezlikda avtomobil haydagani ham ma`lum bo`lgandi.
Ma`lumot uchun, mushtlashuv videosi tarqalganidan bir necha kun o`tib, Usmon Rahimov Olmaliq shahri hokimi lavozimidan ozod etilgandi.






