Prezident Shavkat Mirziyoev 23 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ta`lim, sog`liqni saqlash, xizmat ko`rsatish, savdo, sanoat kabi ko`plab sohalarda amalga oshirilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari zamon talabidan kelib chiqib boshlangan, davlatimiz rahbari ularning aksariyatini borib ko`rgan.
Xususan, Prezidentimiz o`tgan yili 16 oktyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi va Temurbeklar maktabining qurilishini ko`zdan kechirgan edi. Bugunga kelib, u qurib bitkazilgan. Akademiyaning mavjud binolari rekonstruksiya qilingan. Maktab uchun o`quv korpusi, jismoniy-harbiy mashg`ulotlar maydoni, stadion, avtodrom, yotoqxona, oshxona barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 yanvar kuni Geologiya fanlari universiteti qurilishiga tamal toshi qo`ygan edi. Shundan buyon bu erda juda katta hajmdagi ishlar bajarildi. 6 ta ko`p qavatli imorat barpo etilib, 4 tasi rekonstruksiya qilindi. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari yakunlanish arafasida. Bu erda universitet bilan birga sohaga taalluqli ilmiy institutlar joylashtiriladi, Geologiya muzeyi, kutubxona, yotoqxona va boshqa binolar bo`ladi.
Yunusobod tumanida Toshkent Arxitektura-qurilish instituti uchun yangi bino qurilmoqda. 5 qavatli ikkita o`quv majmuasi, 8 qavatli ma`muriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad ko`tarmoqda. Ularni shu yil oktyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihaning ikkinchi bosqichida institut o`qituvchilari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy ob`ektlar barpo etiladi.
Ta`lim sohasidagi ulkan loyihalardan biri bu “Yangi O`zbekiston” universiteti. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 23 iyundagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur ta`lim maskani joriy o`quv yilining o`zidayoq ilk talabalarni qabul qildi. Shu bois, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ayrim binolari ajratilib, zamonaviy ta`mirlandi.
Kelgusida “Yangi O`zbekiston” universiteti uchun zamonaviy o`quv kampusi bunyod etiladi. Bu borada xalqaro standartlar asosida loyiha ishlab chiqilib, dastlabki ishlar boshlab yuborilgan.
Prezidentimiz 2019 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga tashrifi chog`ida ushbu maktab yonida IT-park filialini tashkil etish, unga yoshlarni jalb qilib, tajriba oshirishi uchun keng sharoitlar yaratish bo`yicha ko`rsatma bergan edi.
Hozirda ushbu bino qurib bitkazilib, zamonaviy jihozlanmoqda.
Sog`liqni saqlash sohasida ham ko`plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo`limlari uchun yangi bino qurilmoqda. Buning natijasida mazkur murakkab amaliyotlar uchun zamonaviy sharoit yaratiladi, yiliga qo`shimcha 3 ming bemorga yuqori texnologik tibbiy yordam ko`rsatiladi. Ushbu yangi majmua qurilishi shu yil sentyabrda yakunlanadi.
Mudofaa vazirligining avvalgi klinik gospitali o`tgan asrning qirqinchi yillarida qurilgan, eskicha tartibda ishlab kelayotgan edi. Davlatimiz rahbari 2018 yilda u erga borib, shifoxonani rekonstruksiya qilish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, boshqaruvda zamonaviy menejmentni joriy etish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. Shu asosida katta hajmdagi qurilish va ta`mirlash ishlari bajarilmoqda. Markaziy harbiy klinik gospital shu yil dekabrdan yangilangan binoda faoliyat boshlaydi.
“Xavfsiz shahar” boshqaruv situasion markazi, savdo va xizmat ko`rsatish majmualari, sanoat korxonalari, yo`l va ko`priklar qurilishining borishi bo`yicha ham ma`lumot berildi.






