Toshkent shahar IIBB internet tarmoqlarida katta yoshdagi kishi yosh bolani urayotgani aks etgan video yuzasidan rasmiy ma`lumot berdi. Ma`lum qilinishicha, voqea 22 avgust kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanida sodir bo`lgan.
Jabrlanuvchining onasi IIV xodimlariga murojaat qilib, o`g`lini urgan qo`shnisiga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
«Shu kuni soat 14.00larda Chilonzor tumani 8-mavzeda istiqomat qiluvchi yosh bolalar o`zaro urishib qolishgan. Ularning tortishuviga bolalardan birining otasi, 1986 yilda tug`ilgan Q.B. aralashgan hamda 2010 yilda tug`ilgan K.A.ni urib, tan jarohati etkazgan», deyiladi IIBB bayonotida.
Shuningdek, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilayotgani hamda voyaga etmagan fuqaroga etkazilgan tan jarohati darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangani ma`lum qilindi.
Tekshiruv yakuni bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi aytilgan.






