Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi roddomda xamshiraning sochidan tortib sudrab chiqayotganligi aks etgan videoxabar tarqalgani haqida xabar bergan edik. Shundan Sog`liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan dastlabki ma`lumotlarni taqdim etgan edi.
Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati mazkur hodisa tafsilotlarini e`lon qildi.
Unga ko`ra, aniqlanishicha, O`zbekiston tumani tibbiyot birlashmasining tug`riq bo`limida fuqaro M.S. tomonidan dunyoga keltirilgan, jinsi o`g`il chaqaloq, bugun, ya`ni 27 avgust kuni vafot etganligidan xabar topgan M.S.ning qaynotasi, fuqaro S.S. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, tug`riq bo`limida ishlovchi akusher-ginekolog Yu.A. sochidan tortib, urib-do`pposlab, tan jarohati etkazgan.
Mazkur holat yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko`ra, shu kunning o`zida S.S.ga nisbatan O`zbekiston tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlandi.
Mazkur jinoyat ishi bo`yicha hozirda Farg`ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov yakuniga ko`ra, ishga aloqador bo`lgan barcha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Shuningdek, fuqaro S.S. muqaddam ichki ishlar organlarida xizmat qilib, surunkali ravishda xizmat intizomini buzib, ichki ishlar organlari xodimlariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etganligi uchun, salbiy sabablarga ko`ra, 2002 yilda ichki ishlar organlaridan bo`shatilgan.
Jinoyat ishining tergovi Farg`ona viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i tomonidan alohida nazoratga olindi.
Dastlabki tergov yakuniga ko`ra, qo`shimcha xabar beriladi.