Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi fuqarolar ish haqlarini to`lab berilishida amaliy yordam so`rab murojaat qilishgan.
Murojaatda keltirilishicha, "Surxondaryo Agroxizmat" MChJning to`rt nafar sobiq xodimlari shu yilning avgust oyida aprel-iyul oylari uchun ish haqi vaqtida to`lanmay kelgani sababli ishdan bo`shashgan. Lekin ularga 4 oylik maoshlari ham to`lanmay, xodimlar bilan yakuniy hisob-kitob qilinmagan.
Murojaat mualliflarining qayd etishicha, ular bir necha marotaba "Surxondaryo Agroxizmat" MChJ rahbariyatga ish haqlarini so`rab murojaat qilishganida, hozirda ushbu jamiyat hisobida mablag` mavjud emasligi sababli ular bilan yil yakunida hisob-kitob qilishlari aytilgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, "Surxondaryo Agroxizmat"MChJga mehnat qonunchiligi buzilish holatlarini bartaraf etish bo`yicha murojaat yuborilgach, jamiyat sobiq ishchilarining qoldiq ish xaqlari to`liq hisoblab chiqilib, ularga 40 mln so`mga yaqin ish haqlari to`lab berilgan.