AsosiyJamiyat

Poytaxtdagi universitetlardan birida “Aqlli sinf” xonasi tashkil etildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan “Aqlli sinf” o`quv auditoriyasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA xabar beradi.

Xonadagi 40 ta planshet, elektron doska, proektor, qo`lda boshqariluvchi sensorli monitor, kamera, ovoz yozish va skaner moslamalari dars samaradorligini oshiradi. Ular orqali o`qituvchi bir vaqtning o`zida talabalarga individual tarzda vazifalar berishi, ularning darsga yondashuvi, vazifani qay darajada bajarayotgani, muhimi, bilimini baholash imkoniyatiga ega bo`ladi. Professor-o`qituvchilar dars o`tish bilan birga talabaning o`zlashtirish ko`rsatkichlari, faolligini bevosita kuzatib borishi uchun alohida xona ham tashkil etilgan.

“Aqlli sinf”dagi ilk dars ingliz tilida o`tildi.

– Auditoriyada ko`rgazmali vositalardan nusxa olib, elektron shaklda talabalarning pochta manziliga yuborish, monitorga yozilgan yozuvlarni xotirada saqlab qo`yish, dars jarayonini foto va videoga olish imkoniyati yaratilgan, – deydi universitet korporativ boshqaruv kafedrasi katta o`qituvchisi Dilorom Begmatova. – Buning samarasida talabalar o`tilgan mashg`ulotni uyda ham qayta ko`rib, mustaqil ishlay oladi. Ota-onalar ham internet orqali darslarni kuzatib borishi mumkin.

Tadbir doirasida ta`lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini qo`llash, ta`lim sifatini yaxshilash, amaliyot va o`quv jarayoni integrasiyasini takomillashtirish maqsadida “Ipoteka-bank” bilan hamkorlikda “Innovasion bank o`quv xonasi” ham tashkil etildi.

Loyiha doirasida universitet pedagoglari uchun Germaniyaning Bremerxafen universiteti professori Volfgang Lukas seminar-trening o`tkazdi. Unda zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ahamiyati, sohaga mutaxassislik yondashuvi, o`quv jarayonini tashkil etish, axborot texnologiyalaridan foydalanishning zarurati kabi yo`nalishlarda ma`lumotlar berildi.

Boshqa yangiliklar