Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbedagi sammitida ushbu nufuzli tashkilotga 2021-2022 yillarda raislik qilish O`zbekistonga o`tishi to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Zerzod Asadov xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimizning ShHTdagi raisligidagi ustuvor vazifalarini bayon qilgan.
Bular:
- ShHTning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish;
- Ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
- Sanoat kooperasiyasi dasturini qabul qilish va bu borada hamkorlikni nazarda tutuvchi markazlarni tuzish;
- ShHTning Transport bog`liqligi strategiyasini qabul qilish;
- ShHT makonida infratuzilmani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
- kambag`allikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish;
- ShHTning xalqaro axborot xavfsizligi bo`yicha ekspertlar forumini ta`sis qilish;
- ShHTning Ezgu niyat elchisini institutini joriy qilish;
- turizm sohasida hukumatlararo bitimni ishlab chiqish;
- yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi “Yo`l xaritasi”ni qabul qilish.
O`zbekiston raisligi davrida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlarimiz bilan birgalikda 80 dan ortiq tadbir o`tkazish rejalashtirilgan.






