Joriy yil 14 sentyabrdan boshlab “Sog`lom turmush tarzi” platformasi bo`yicha foydalanuvchilarga to`lovlar vaqtincha to`xtatilgan. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Sog`lom turmush tarzi” platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 253-sonli qaroriga muvofiq, aholini kunlik yurish va yugurishga targ`ib qilish bo`yicha “Sog`lom turmush tarzi” platformasi, ya`ni www.1hls.uz veb-sahifasi hamda mobil ilovasi ishga tushirilgandi.
Mazkur platforma bo`yicha joriy yil 10 iyundan 13 sentyabrga qadar bir sutka davomida o`n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 mlrd. so`m mablag`lar to`lab berildi.
Shuningdek, har oyda har bir tuman (shahar) bo`yicha eng ko`p yurgan shaxsga 300 ming so`mdan, har bir hudud bo`yicha eng ko`p yurgan shaxsga 500 ming so`m, respublika bo`yicha eng ko`p yurgan shaxsga qo`shimcha ravishda 1 mln. so`m to`lanib, joriy yil iyun-avgust oylari davomida jami 206,7 mln. so`m mablag` foydalanuvchilar elektron hamyoniga o`tkazib berildi.
Turizm va sport vazirligining Moliya vazirligi G`aznachiligida ochilgan shaxsiy g`azna hisobvarag`iga tushadigan tegishli daromadlar manbalarining bir me`yorda doimiy tushish imkoniyati cheklanganligini inobatga olib, mazkur shaxsiy g`azna hisobvarag`ida 500,0 mln. so`mdan kam mablag` qolsa, mobil ilova bo`yicha foydalanuvchilarga to`lovlar, ushbu shaxsiy g`azna hisobvarag`ida 5,0 mlrd. so`mgacha mablag` yig`ilgunga qadar avtomatik tarzda to`xtatilishi belgilab qo`yilgan.
Bunda, shaxsiy g`azna hisobvarag`idagi mablag`lar 5,0 mlrd. so`mga etgunga qadar mobil ilovada o`n ming va undan ortiq qadam yurgan fuqarolarga to`lanadigan to`lovlar to`lanmasligi ko`rsatib o`tilgan.