Farg`ona viloyati IIO xodimlari xizmati vaqtida elektroshok moslamasidan foydalanishni boshlaydi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yilning 24 sentyabridan Farg`ona viloyati ichki ishlar organlarining Patrul-post, Yo`l harakati xavfsizligi va boshqa tegishli xizmatlarining saf bo`linmalari xodimlari xizmat jarayonida elektroshok qurilmalaridan foydalanishni boshlaydi.
«Elektroshok qurilmasidan foydalanishdan maqsad IIO xodimlari yoki fuqarolarining hayoti va sog`lig`iga shikast etkazilishining oldini olish, huquqbuzarlarning sog`lig`iga og`ir va o`ta og`ir tan jarohati etkazmagan holda zudlik bilan huquqbuzarlik va jinoyat harakatlarni cheklashdan iborat», — deyiladi IIB xabarida.
IIO xodimlari xizmat jarayonida elektroshok qurilmasidan foydalanishdan avval maxsus tayyorgarlik va davriy tekshiruvdan o`tkaziladi. Maxsus tayyorgarlikdan o`tgan xodimga tegishli sertifikat beriladi.






