Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi aholi bilan uchrashuvlardan so`ng, Shavkat Mirziyoev bugun Samarqand viloyatiga etib keldi.
Tashrif viloyat aholisi bilan uchrashuvdan boshlandi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Ayni paytda bo`lib o`tayotgan yig`ilish avvalida u islom olamining benazir mutafakkiri Imom Moturidiyning: “O`tgan hayotingni o`zing uchun muallim deb bil”, degan o`gitini keltirib, Samarqandda hokim bo`lib ishlagan yillarini yodga oldi.
“Samarqandda hokim bo`lib ishlagan yillarimda Botir Valixo`jaev, Hasan Normurodov, Ibroyim Raupov, Haydar Kenjaev, Usmonxon Alimov, Ta`naberdi Qurbonov, Alisher Mardiev,To`xta Xudoynazarov, Farmon Toshev, Barot Nodirov, Yaxshinor Allayorov, Zoyir Ziyoev, Temur Shirinov kabi ko`pni ko`rgan, katta hayotiy tajribaga ega bo`lgan insonlar ishtirokida jamoatchilik kengashi tuzgan edik. Men bu kengashni “Fidoyilar kengashi” deb atardim. Chunki bu odamlar tom ma`noda fidoyi insonlar edi. Kengash a`zolari bilan har haftada bitta tumanga borib, mavjud muammolarni bartaraf etishga kirishar edik”, - deydi davlat rahbari.
Uning izohlashicha, hozirgi kunda barcha rahbarlar uchun faoliyat mezoniga aylangan xalq bilan muloqot, inson qadr-qimmatini ulug`lash, “mahallabay” ishlash tizimining dastlabki kurtaklari o`sha vaqtda paydo bo`lgan. O`sha paytlar viloyatning aksariyat tumanlari, ayniqsa, Nurobod va Qo`shrabot tumanlarida sharoit og`ir bo`lgan. Lekin turli qarshilik va e`tirozlarga qaramasdan, birinchi marta g`allaning rejadan ortig`ini mana shu tumanlarda qoldirishga erishilgan.
Shuningdek, prezident mahalliy mablag`lar haqida ham so`z yuritdi.
“Viloyatda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun mablag` etishmasdi. Faqat markazdan pul ajratilsa, hokim bir ishni boshlashi mumkin edi. Ana shu achchiq tajribamizdan kelib chiqib, mana, hozir hududlarimizga moliyaviy masalalarda keng erkinlik beryapmiz. O`sha yillari Paxtachi tumanidagi 24-maktab, Qo`shrabot tumanidagi yana bir eski maktab va Oqdaryodagi tug`ruqxonani qanday qiyinchilik bilan ta`mirlaganimiz hali-hali esimdan chiqmaydi. Ana shu ishlar uchun 50 foiz mablag` viloyat byudjetidan ajratilgan, qolgani esa hashar yo`li bilan bajarilgan edi. Viloyatdagi ko`plab bunyodkorlik ishlari shu tarzda olib borildi. Mahdumi A`zam, Xoja Doniyor, Hazrati Dovud ziyoratgohlari bunga misol bo`la oladi”, - dedi u.
“Ilojimiz qancha, hayot qonuni shunday ekan”. Mana shu gaplar bilan Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatidan etishib chiqqan Samarqand nuroniylarining etakchisi, O`zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov, keyingi o`n besh yil davomida O`zbekiston musulmonlari idorasiga rahbarlik qilib kelgan muftiy hazratlari Usmonxon Alimov, buyuk iste`dod egasi, atoqli rejissyor Bahodir Yo`ldoshev, tarixchi olim Mavlon Jo`raqulov, jonkuyar shifokorlar Nurmamat Abdullaev, Hoji Ulug`ov kabi buyuk shaxslarni ham eslab o`tdi.