2021 yil 27 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash)ning Afg`onistondagi vaziyatga bag`ishlangan Tashqi ishlar vazirlari kengashi navbatdan tashqari yig`ilishida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlikning Matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston tashqi ishlar vazirlari va Turkiy Kengash kotibiyati Afg`oniston yo`nalishida birgalikda qo`shma harakatlar jihatlarini, xususan, keng vakillik asosida Afg`oniston hukumatini tuzish zarurligi, inson huquqlariga, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqlariga rioya qilinishini muhokama qildilar.
O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri o`z nutqida Afg`oniston masalasiga taalluqli asosiy masalalar bo`yicha mamlakatimiz pozisiyasiga to`xtalib o`tdi.
Qayd etilganidek, O`zbekiston Afg`onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg`oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug`dirmasligi kerak.
Dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg`onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integrasion jarayonlariga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo`lib qolishi kerakligi ta`kidlandi.
Mojarodan keyingi Afg`oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko`rsatilishi davom etishi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida Turkiy Kengashga a`zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg`oniston bo`yicha Qo`shma bayonoti qabul qilindi.