Kuni kecha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning)Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Xamro Bektemirov ishtirokida viloyatdagi chekka hududlaridan biri hisoblangan Gurlan tumanida sayyor qabul o`tkazildi. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati Darakchi.uz ga ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, mintaqaviy vakil fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan keng foydalangan holda xorazmliklar uchun maxsus telegramm kanal faoliyatini yo`lga qo`yib, u orqali murojaatlarni qabul qilmoqda.
Bunda fuqarolar familiyasi, ismi va sharifi, murojaatning qisqacha mazmuni va bog`lanish uchun telefon raqamlarini qoldirishlari talab etiladi. Shundagina mintaqaviy vakil murojaatchi bilan aloqaga chiqib, o`z vakolatlari doirasida masalani o`rganib chiqish va hal etish choralarini ko`riladi.
Gurlan tumanida o`tkazilgan sayyor qabul o`tkazilishi haqidagi xabar ham aynan ushbu kanalda e`lon qilingan.
Sayyor qabulga 50 nafarga yaqin fuqarolar tashrif buyurgan.
Murojaatchilar Gurlan tumanidagi bir qator maktablarga iste`mol uchun ichimlik suvining etib bormayotganligidan, suv quvurlarining o`tkazilganligiga qaramay suvning yo`qligidan shikoyat qiladilar. Mintaqaviy vakil tegishli davlat tashkilotiga fuqarolarning murojaatlarida ko`tarilgan muammolar yuzasidan choralarni ko`rib, ichimlik suvi muammosining hal etilishiga erishgan.
Shuningdek, umumta`lim maktablarida o`quv jihozlari va sport inventarlarining etishmasligiga oid murojaatlari ham joyida hal etilgan.
Eslatib o`tamiz, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Xamro Bektemirov har haftaning juma kunlari murojaatchilarni qabul qiladi.