Tanzila Norbaeva O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`qqizinchi yalpi majlisida Davlat byudjetining 2021 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo`yicha mulohazalarini bildirdi.
– Mahalliy byudjetlarda shakllangan qo`shimcha manbalardan foydalanishda qator kamchiliklarga yo`l qo`yilmoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Ushbu mablag`larni ishlatishda mahalliy Kengashlar hal qiluvchi vazifani bajaradi. Biroq ular bunga talab darajasida qaramayapti. Birgina Qashqadaryo viloyatining G`uzor, Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi tumanlari va Qarshi shahrida mahalliy Kengashlarda muhokama qilinmasdan, deputatlarning ruxsatisiz 10 mlrd so`mga yaqin mablag` ishlatib yuborilgan.
Umuman, bunday holatlarni boshqa hududlar misolida ham keltirish mumkin. Mahalliy Kengashlar qonun bilan o`zlariga berilgan vakolatlarni chuqur anglab, amalda samarali foydalangan holda talabchanlik oshirmas ekanlar bu kabi muammolar kamaymaydi. Shu jihatdan, mahalliy Kengashlar vakillari, ayniqsa, byudjet bo`yicha doimiy komissiya a`zolari, shu jumladan, kotibiyatlar bu borada mas`uliyatni oshirishlari lozim.