Shavkat Mirziyoevning ayni kunlarda respublika viloyatlari bo`ylab tashriflari chog`ida mahallalardagi yangi tashkil etiladigan “hokim yordamchilari” lavozimi joriy etilishi ma`lum qilinyapti. Shu jumladan, Andijon viloyatida ham, deb yozmoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov. Prezident Andijondagi bugungi yig`ilishda ularning vakolatlari, mehnat faoliyati va ularni bu lavozimga tanlab olish qanday tashkil etilishi haqida gapirdi.
“Ular 2 oy davomida yangi tizim asosida ishlashga o`qitiladi. Ishining samarasiga qarab, ularga yaxshi oylik to`lanadi. 2-3 yil mahallada ishlab, o`zini ko`rsatganlarini, kelgusida rahbar lavozimlariga qo`yiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Hokim yordamchilari iqtisodiyot va investisiya idoralari, hokimiyatda ishlaydigan bilimli va shijoatli yoshlar orasidan tanlanadi.
Ular:
- mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratish bo`yicha, tizimli ishlarni olib boradi;
- mahalladagi oilaviy tadbirkorlikka kreditlar berish, yangi loyihalarni amalga oshirishga ko`maklashish bilan shug`ullanadi;
- tomorqa, bo`sh er va binolardan samarali foydalanishni ham tashkil etadi;
- ularning o`z “byudjeti” bo`lib, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish, jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o`qitishni tashkil etish huquqi beriladi.