Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta maktab o`quvchilarining o`zaro janjallashayotganligi aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan IIBB quyidagilarni ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, 28 sentyabr kuni 94-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining 9 va 10-sinf o`quvchilari va 145-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining 9-sinf o`quvchilari Telegram ijtimoiy tarmog`i orqali o`zaro gap talashib qolishgan. So`ng ular shu kuni taxminan soat 13.20 larda Toshkent shahar Mirobod tumani Amir Temur ko`chasida uchrashib munosabatlarni hal qilishmoqchi bo`lishgan. Mazkur uchrashuvga 20 nafarga yaqin maktab o`quvchilari kelishgan va ularning bir nechtasi o`rtasida janjal boshlangan.
Holatdan xabar topgan hududiy profilaktika inspektorlari Yo`ldashbekov Abuzoxid va Isamuxamedov Timurlar zudlik bilan voqea joyiga etib kelishgan va ularning aralashuvi bilan katta mojaroning oldi olingan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o`tkazilmoqda, natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.






