Davlat rahbarining 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog`liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida tibbiy xizmat ko`rsatishning yangi mexanizmini joriy etish, davlat tibbiy sug`urta tizimi bilan bog`liq ishlarni tashkil etish belgilangan.
Dastlab, bu tizim Sirdaryo viloyatida aprobasiyadan o`tkazilib, kelgysida respublikamizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi ko`zda tutilgan. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar bermoqda.
Shunga binoan, Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi tashkil etildi. Sog`liqni saqlash vazirligi, Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi va Sirdaryo viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda yangi tizimni ishga tushirish, aholiga kafolatlangan paket hisobidan tibbiy xizmat ko`rsatish borasidagi ishlar Sirdaryoda boshlab yuborildi.
Tibbiyot xodimlarini jahon tajribasini o`rgangan malakali mutaxassislar tomonidan o`qitish yo`lga qo`yildi.
Viloyat aholisining 94,7 foizi (801 ming 358 nafari) tibbiy xatlovdan o`tkazildi. Ularning salomatligi o`rganilib, to`rtta —eng yuqori, yuqori, o`rta va past xavf guruhlariga ajratildi. Eng yuqori xavf guruhida turgan 145 ming nafardan ortiq fuqaroni sog`lomlashtirish ustida ish olib borilmoqda.
Davlat tibbiy sug`urta mexanizmi bilan bog`liq ishlar Sirdaryo viloyatida joriy yilning 1 iyulidan boshlandi. Tizim bo`yicha tibbiyot xodimlari ko`rsatilgan xizmatlar hisobiga haq oladi.
Hisob-kitob ishlari Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi va uning hududiy bo`limlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tibbiyot xodimi tomonidan tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan fuqaroga ko`rsatilgan tibbiy xizmat turi, sifatiga alohida e`tibor qaratiladi.
Shifokor va hamshira ko`rsatilmagan xizmat turi uchun davlat byudjetidan ish haqi ololmaydi.
Tizimdagi ishlar to`liq tashkil etilgandan so`ng, aholi to`la-to`kis kafolatlangan tibbiy xizmat ko`rsatish paketlaridan foydalana boshlaydi. Eski tartibga ko`ra nogironligi bo`lgan shaxslar, xotin-qizlar, urush qatnashchilari va boshqa shu kabi shaxslarga bepul xizmat ko`rsatilar edi.
Yangi tizimga ko`ra, bemor tibbiyot muassasasiga kelgunga qadar bir necha tekshiruvlardan o`tadi.
So`ng unga birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida ishlovchi oila shifokori, terapevt, pediatr, doya va boshqa tibbiyot xodimlari tomonidan xizmat ko`rsatiladi.
Kasalligi o`rta darajadagi bemorlar birlamchi tibbiy-sanitariya massasasida davolansa, og`ir darajadagilar oila shifokori yo`llanmasi bilan yuqori darajadagi shifoxonalarga yo`naltiriladi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida bemorni davolashning iloji bo`lmasa, tuman yoki shahar shifoxonasiga yo`llanma beriladi. Yo`llanmaga asosan shahar yoki tuman tibbiyot birlashmasida kafolatlangan paket asosida xizmat ko`rsatiladi.
Bemorni tuman yoki shahar tibbiyot birlashmasida ham davolash imkoni bo`lmasa, viloyatga yo`llanma beriladi.
Dori-darmon, o`rin-joy va boshqa xizmatlar uchun pul to`lanmaydi. Bu xarajatlar Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Mazkur mexanizm Sirdaryo viloyatida sinovdan o`tkazilmoqda. Tibbiyot xodimlarning davlat tibbiy sug`urta mexanizmlari va kafolatlangan tibbiy xizmat tizimi borasidagi tajribasi kun sayin oshib, yuzaga chiqishi mumkin bo`lgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilyapti.






