AsosiyJamiyat

Harbiylar Toshkent—Sijjak yo`lida xavfli hujumga uchragan fuqaro hayotini saqlab qolishdi

'Harbiylar Toshkent—Sijjak yo`lida xavfli hujumga uchragan fuqaro hayotini saqlab qolishdi'ning rasmi

Ma`lum qilinishicha, joriy yil 1 oktyabr kuni soat 16:50 lar atrofida Mudofaa vazirligining Bo`stonliq tumani Chorbog` qo`rg`onida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari o`z xizmat vazifalarini bajarish uchun ketayotib, Toshkent—Sijjak yo`nalishidagi avtomobil yo`lining yoqasida ikki nafar fuqaro o`zaro janjallashayotganiga guvoh bo`lishgan.

Harbiy xizmatchilar zudlik bilan mashinani to`xtatib, ularga yaqinlashganida fuqarolardan biri jarohatlangan, ikkinchisining qo`lida o`tkir tig`li pichoq borligini ko`rishadi. Ular har ikkala fuqaroni bir-biridan uzoqlashtirib, qo`lga olishadi va jarohatlangan fuqaroni Chorbog` tez tibbiy yordam bo`limiga, ikkinchisini esa Ichki ishlar bo`limiga olib borgan.

Dastlabki so`rov natijasida olingan ma`lumotlarga ko`ra, 1995-yilda Toshkent shahrida tug`ilgan fuqaro S.M., 1989-yilda Toshkent shahrida tug`ilgan A.P.ga tegishli bo`lgan avtomobilda yo`lovchi sifatida Chorbog` qo`rg`onida joylashgan “Bochka” nomli oshxonaga olib borib qo`yishi uchun 200 ming so`m pul evaziga kelishgan. Manzilga yaqin kelganda fuqaro S.M. Toshkent—Sijjak yo`lining xilvat joyida mashinani to`xtatishni va shu erga yana bir hamrohi kelishilgan pulni olib kelib berishini aytadi. Bir oz vaqt o`tgach, o`zaro suhbatlashish jarayonida mashinaning orqa o`rindig`ida o`tirgan S.M. fuqaro A.P.ga to`satdan pichoq bilan hujum qilib, uning gavdasini orqa qismi va bel sohasiga tan jarohati etkazgan. A.P. o`zini himoya qilish maqsadida mashinadan tushib qochayotgan vaqtida harbiy xizmatchilar kelib qolgani ma`lum bo`ldi.

Holat yuzasidan ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Harbiy xizmatchilarning vaziyatni to`g`ri baholab, o`z vaqtida amalga oshirgan xatti-harakatlari, loqayd va befarq emasligi, har qanday shubhali holatni ilg`agani oqibatida bir fuqaroning ko`p qon yo`qotishi yoki huquqbuzar uni quvlab, hayotiga tahdid solishi mumkin bo`lgan ko`ngilsizlikning oldi olinib, bir fuqaroning hayoti saqlab qolindi, deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti tomonidan taqdim etilgan xabarda. 

 

    Boshqa yangiliklar