“Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (616-son, 30.09.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tuzilmasi hamda Institut to`g`risidagi nizom;
- Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo`yicha tarmoq kengashlari to`g`risidagi namunaviy nizom;
- Malakalarni baholash markazi to`g`risidagi namunaviy nizom.
Mehnat institutining faoliyati Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
️ Qarorga ko`ra, 2021 yil 31 dekabrgacha quyidagilar ishlab chiqiladi:
- zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan O`zbekistonda mehnatni me`yorlash konsepsiyasi;
- Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini strategik boshqarish mexanizmini shakllantirishga doir amaliy chora-tadbirlar.
- 2021 yil 1 noyabrdan Mehnat instituti tomonidan, jumladan, quyidagilar shakllantiriladi va yuritiladi:
● Malakali kadrlarga bo`lgan ehtiyojni baholovchi tizim hamda kasbiy standartlarni va mustaqil baholashning ma`lumotlar bazasi;
● Mehnat migrasiyasida talab yuqori bo`lgan kasblar to`g`risidagi yagona ma`lumotlar bazasi.
Qarorga ko`ra shuningdek, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasidagi Davlat mehnat inspeksiyasi tizimida tajriba-sinov tariqasida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Mehnat sohasidagi murojaat va nizolarni o`rganish hamda hal qilishga ko`maklashish markazi tashkil etildi.






