AsosiyJamiyat

O`zbekiston Prezidenti AQSh delegasiyasini qabul qildi

'O`zbekiston Prezidenti AQSh delegasiyasini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 oktyabr kuni Amerika Qo`shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o`rinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O`zbekiston-AQSh strategik sherikligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Uendi Sherman davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Jozef Bayden, vise-prezidenti Kamala Xarris va Davlat kotibi Entoni Blinkenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Amerika tomoni mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qat`iy qo`llab-quvvatlashi alohida ta`kidlandi.

Tomonlar keyingi yillarda O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik jadal sur`atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki mamlakat o`rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining joriy yil oxirigacha Vashington shahrida bo`lib o`tadigan birinchi yig`ilishining kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekani ta`kidlandi.

Siyosat va xavfsizlik, savdo, investisiya va innovasiyalar, qishloq xo`jaligi, energetika, ta`lim, sog`liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo`nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida mamlakatimizga vaksinalar etkazib berish masalasida ko`rsatilayotgan ko`mak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.

Mintaqaviy, shu jumladan “AQSh – Markaziy Osiyo” muloqoti hamda Savdo va investisiyalar bo`yicha hadli bitim kengashi doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, Afg`onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. O`zbekistonning afg`on xalqiga ko`maklashish hamda qo`shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o`rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga ko`maklashishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa`y-harakatlari yuksak baholandi.

    Boshqa yangiliklar