“Xirurgiya xizmatini transformasiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko`lamini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga ko`ra, 2022–2023 yillar davomida kaminvaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ko`lamini oshirish, shu jumladan, tuman (shahar)larda ko`rsatiladigan amaliyotlar turini 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga oshirish, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yurak va o`pka transplantasiyasi joriy etilishi belgilandi. Bu haqda SSV xabar bermoqda
Qarorga ko`ra, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan 2022 yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantasiyasi amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo`llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg`armasi va mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi biladigan xodimlarining 2021–2022 yillarda xirurgiya sohasi uchun dolzarb yo`nalishlar bo`yicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka o`tash uchun yuborish, shuningdek, markaz faoliyatiga etakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralari ko`riladi.
Malaka oshirish va stajirovka o`tash uchun yuboriladigan xodimlarga Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq, markaz va hududiy davlat tibbiyot muassasalarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.
Shunday qilib, xorijiy mutaxassislarni davlat tibbiyot muassasalariga jalb etishda:
- xorijiy mutaxassislar uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilganda bir yilda ikki martadan oshmagan holda) hamda respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari tegishli davlat tibbiyot muassasasi tomonidan milliy valyutada to`lanadi;
- ularni jalb etish va moddiy ta`minoti bo`yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai etib Sog`liqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo`llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg`armasi mablag`lari, tegishli davlat tibbiyot muassasasining byudjetdan tashqari mablag`lari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.






