So`nggi paytlarda, qarindosh-urug`, jigarlar o`rtasida mehr-oqibat yo`qolib ketayotgani haqidagi gap-so`zlar qulog`imizga tez-tez chalinadigan bo`lib qoldi. Har qalay tahririyatimizga qo`ng`iroq qilib, boshidan kechirayotganlarini so`zlab bergan vodiylik mushtariyimizning hikoyasini tinglab ham aynan shunday xulosaga kelish mumkin....
Shifoxonada shiftga tikilib yotib, o`tgan hayotimni o`zimcha tahlil qila boshlayman. Qaniydi, qo`limdan kelsa o`tgan umrimning baxtli lahzalarini qaytadan yashardim... Qalbimga iztirob solayotgan xotiralarni esa butunlay o`chirib tashlardim...
Xonadoshim Adham akani ko`rishga opa-singillari, aka-ukalari kelishibdi. Bolalik xotirlarini eslashib, yayrab o`tirishibdi. Ularga qarab biram havasim keldiki. Shifoxonada hamma sharoit bor, faqat yaqinlarimni sog`inaman. Mening ham 2 ta opam, 3 ta akam bor. Ammo ular mendan xabar olishmaydi. Meni ularga keragim yo`q. Ruhiy kasalliklar shifoxonasida oylab davolanadigan, hayotda hech qanday o`rni yo`q, qo`li kalta uka kimga ham kerak? Ishonaman, ular qachonlardir meni yaxshi ko`rishar edi. Lekin bunga ancha bo`ldi.
Men oddiy dehqon oilasida dunyoga keldim. Oilada kenja farzand edim. Opalarim, akalarimning erkatoyi edim.
Ertaga nima bo`lishini hech kim bilmas ekan. Hamma qatori vaqti kelganida harbiy xizmatni o`tash uchun yuborildim. Taqdirning menga yozgan sinovlari ana shu erdan boshlandi.
Xizmatni o`tash davrida og`ir tan jarohati oldim. Uzoq vaqt mobaynida shifoxonada davolandim. O`z ishining asl ustalari-mahoratli shifokorlarning beminnat yordamlari tufayli sog`ayib, oyoqqa turdim. Taqdir taqozosi bilan 2-guruh nogironi bo`lib qoldim.
Hayot o`z oqimida davom etaverar ekan. Ota-onam meni mahalalmizdagi obro`li oilaning qiziga uylantirib qo`yishdi. Biz baxtli edik. Birin-ketin qizlarimiz tug`ilishdi. Ollohga behisob shukr, shirindan shakar ikki qizning otasiga aylandim. Hammasi yaxshi edi. Opa-akalarim bilan munosabatlarimmiz ham havas qilgudek edi. Ammo, bu hayot o`ziga yarasha baland-pastliklardan iborat ekan.
Harbiy xizmatda olgan jarohatining asorati o`zini ko`rsatdi. Men asab kasalligiga duchor bo`ldim. Endi haftalab hattoki oylab ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanib yurishga mahkum edim. Hammasi mana shundan boshlandimi deb o`ylaymanu unday desam, boshida akalarim, opalarim xabar olib turishdi. Jigarlarim ota-onam vafot etgandan so`ng mendan tamomila yuz o`girishdi.
Bizni birlashtirib turgan, oramizdagi ahillik, mehr-oqibatni saqlab turgan ota-onamiz ekan. Ular o`tib ketishganida hovlida men va uchinchi akam oilamiz bilan yashardik. Ko`p o`tmay akamga uy qurish uchun er berildi. Akam shu joydan senga uy qurib beraman deb, meni ishontirdi. Yangi uyda yashar ekanman deb xursand bo`ldim.
Ammo buning hammasi xom xayol ekan. Ikkita xonasi bitgan, ammo tomi yopilmagan uyga ayolim, ikki qizimni olib akamning qistovi bilan ko`chib chiqdik. Qishning qor-qirovli, izg`irin kunlarini bir amallab, tomsiz uyda o`tkazdik. Shu orada asab kasalligim huruj qilib, shifoxonaga tushdim. Uch yarim oy davolanib chiqib uyimga borsam imorat hali-hamon bitmagan.
Tuman hokimiyatidan yordam so`radim. Baraka topgur mutasaddilar himmat ko`rsatishdi. Oilamiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlandi. Sal vaqtdan so`ng bank bizga ssuda kupon berdi. Bu pulga ruberoid sotib olib, uyimiz tomini yopdik.
Opalarim akalarim o`zidan tinib tinchigan bo`lsa-da menga yordam beray demasdi. Kasalligim tufayli biror tayinli ish qilolmasdim. Buyoqda qizlarim katta bo`layapti, ro`zg`or tebratish o`zimas. Bir tovuqqa ham don kerak ham suv. Bankka ssudani qaytarish kerak.
“Uy qurib beraman” deb qo`ynimni puch yong`oqqa to`ldirgan akam xolimdan xabar ham olmay qo`ydi. Pichoq kelib suyakka qadaldi. Shu darajaga keldiki, uyimni arzon garovga sotishga majbur bo`ldim. Pullarni esa bankdan olingan ssuda uchun to`ladim. Boshpanasiz qoldik.
Turmush o`rtog`im mendek noshud er bilan yashay olmasligini aytib, otasinikiga ketib qoldi. O`sha paytda mendan butun dunyo yuz o`girgandek bo`ldi. Hech kimga keraksizdek his etardim o`zimni. Kun kechirish uchun birovlarnikida ishlab, yotib yurardim.
Shu orada bir tanishim shahar markazidan ijaraga uy topib berdi. Oilamni olib u erga ko`chib ketdim. Ro`zg`or tebratish uchun nima ish bo`lsa ham qilardim. Uch yil ijarada yashaganimizdan so`ng xotinimning qarindoshlari yordami bilan bir xonali uy sotib oldik.
Ana endi uyli bo`ldik, muammolarimiz kamayar deb o`ylagandim. Chuchvarani xom sanagan ekanman. Oilamizdan fayzu baraka ko`tarilgan, har kuni janjal, baqir-chaqir.... Uyni xotinim sotib olgani uchun minnatdan boshim chiqmaydi. Hatto shu uyga propiskaga qo`yishimga ham ruxsat bermayapti.
U yoqda akam menga yordam berish o`rniga “Uyimdan propiskadan chiq” deb holi-jonimga qo`ymayapti. Nima qilishni bilmay boshim qotgan. Hayotimdagi bu ziddiyatlardan tushkunlikka tushib qoldim. Hozir yana shifoxonadaman. Birov xolimdan xabar olay demaydi. Hattoki, turmush o`rtog`im, qizlarim kelib ko`rishmaydi.
Hozir shifoxona shiftiga tikilib shularni o`yladim. Bir-biriga mehribon jigarlarni ko`rib havas qilaman. To`g`ri aka-opalarimga munosib uka emasdirman, ammo menda nima ayb? Men shunday kasal bo`lay debmanmi?
Menga ulardan ko`p narsa kerak emas. Hozirgi qiyin kunlarimda menga dalda berishsa, ertangi kunimga shirin so`zlari bilan umid uyg`otishsa bo`ldi, etadi. Axir buning uchun ko`p narsa kerak emasku? Shunday emasmi? Aybim birovga aytishga uyaladigan shifoxonada davolanishimmi? Mana shu “ayb” yaqinlarim mendan yuz o`girishlari uchun asos bo`la oladimi?
Oyning o`n beshi qorong`u bo`lsa, o`n beshi yorug` deyishadi. Mening hayotimga o`sha yorug` kun qachon kelar ekan? Kutaverib ko`zlarim to`rt bo`ldi, axir...