Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Xayrullo Bozorov chin etim bolaning 76 mln so`mlik ipoteka kreditini to`lab berdi” sarlavhali material e`lon qilindi. Ushbu material yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan quyidagilar ma`lum qilinadi:
Ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qo`llab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol a`zolari sifatida tarbiyalash bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida olib borilayotgan siyosatning ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va ma`naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga etkazish masalasiga katta e`tibor qaratib kelmoqdalar.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-5216-son qarori ham bu toifadagi bolalarning huquq va erkinliklarini ro`yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Ushbu qarorga asosan 18 yoshga to`lgan, uy-joyga muhtoj etim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratib boriladi, buning uchun joriy yilning o`zida byudjetdan 120 milliard so`m yo`naltiriladi.
Qaror bilan 2021 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar uchun uy-joy xarid qilishning maqsadli parametrlari belgilab berilgan bo`lib, unga ko`ra O`zbekiston Respublikasi byudjetidan hamda mahalliy byudjetlarning qo`shimcha manbalari hisobidan Farg`ona viloyatida 26 ta bunday uy-joylar xarid qilinishi belgilab berilgan. Marg`ilonlik chin etim fuqaroning uy-joy uchun ipoteka krediti to`lovi ham ana shu qaror doirasida amalga oshirilgan bo`lib, buni viloyat hokimi nomi bilan bog`lanishi noto`g`ri ekani ma`lum qilinadi.
Ommaviy axborot vositalaridan va ijtimoiy tarmoqdagi kanallardan rasmiy manbaga ega bo`lmagan bunday axborotlarni tarqatmaslik so`raladi.






