Chirchiq shahar hokimligi Ma`naviyat bo`linmasi tomonidan chiqarilgan o`zbek tilida muqobili bor xorijiy tildagi so`zlarni o`zbekcha gapirishga qaratilgan flaerlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo`ldi. Hokimligi Axborot xizmati mazkur holatga rasmiy munosabat berdi.
"Ma`naviyat va ma`rifat" markazi Chirchiq shahar bo`limi tomonidan, o`zbek tilida so`zlashuvchi aholining, tilda bor va mujassam bo`lgan muqobil so`zlardan to`g`ri va o`rinli foydalanishni targ`ib qilindi.
Xususan, shahrimizda turli tillarda so`zlashuvchi aholi vakillari uchun 21 oktyabr — O`zbek tili bayrami kuniga bag`ishlab targ`ibot vositalari tayyorlanib, tarqatildi.
Ularda bugun aholi orasida kundalik muloqatlarda ko`p ishlatilayotgan o`zlashtirma so`zlarning o`zbek tilidagi muqobilini topish va ishlatishga ko`maklashish maqsad qilingan. Bu nafaqat boshqa tillarda, balki davlat tilida muloqot qiluvchilarni o`zbek tilida aniq va behato so`zlashda o`ziga xos bir da`vatdir.
Zotan, ma`naviy-ma`rifiy targ`ibotning ta`sirchan uslublaridan keng va samarali foydalanish, yuqorida nomi tilga olingan markaz va uning bo`linmalarining vazifasi hisoblanadi.
Tilimiz sofligini saqlash, davlat tilining rasmiy maqomini mustahkamlash maqsadida qilinayotgan bunday ma`rifiy-targ`ibot ishlariga boshqacha tus bermaslik, aksincha, qo`llab-quvvatlash maqsadga muvofiqdir.
Shu ma`noda, ijtimoiy tarmoqlardagi "Chirchiq rasmiy" kanali orqali chiqishlarida bu holatdan norozilik kayfiyatini bildirayotgan fuqarolarga tarqatilayotgan materiallarda hech bir tilni kamsitish kabi boshqa maqsadlar yo`qligini, bu tilimiz sofligini buzayotgan ayrim ajnabiy so`zlarning davlat tilidagi muqobili borligini eslatish va undan foydalanishga xayrli bir da`vat ekanligini eslatamiz.