4 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi, Energetika vazirligi va USAID agentligining «Kelajak energiyasi» bilan hamkorlikda olib borilayotgan «O`zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining respublika energiya tizimiga ta`sirini o`rganish» loyihasi doirasida xorijiy ekspertlar ishtirokida tadbir o`tkazildi.
Tadbirda vazirlikning Tarmoq korxonalarida innovasion ekotizimni shakllantirish boshqarmasi, Energetika vazirligi, «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «Energiya» hududiy koordinasion-dispetcherlik markazi, «Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish» filiali mutasaddi rahbarlari, mutaxassislari, Fanlar akademiyasining Fizika-texnika va Materialshunoslik institutlari, Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat texnika universiteti olimlari ishtirok etdilar.
Anjuman davomida elektr energiyasini ishlab chiqarilishini avtomatik tarzda hisobga olish, ma`lumotlar bazasini hamda quyosh va shamol manbalaridan ishlab chiqarilayotgan energiya miqdorlarini bashoratlash tizimini yaratish masalalari ko`rib chiqildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlaydigan yangi elektr stansiyalari ishga tushirilayotganini inobatga olib, yuqorida ko`rsatilgan masalalar bo`yicha echimlar kelajakda mamlakat energiya tizimni barqaror ishlashiga yordam beradi.
Innovasion rivojlanish vazirligi qayta tiklanuvchi energiyani bashoratlash tizimini joriy etish bo`yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb qilishda tashabbus ko`rsatmoqda. Elektr energiyasini ishlab chiqarishni aniq rejalashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mavjud energiya tizimiga samarali integrasiya qilish maqsadida tabiiy-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda qayta tiklanuvchi energiyani bashoratlash tizimini qo`llash xorijda standart amaliyot hisoblanadi.
Tadbir davomida qayta tiklanuvchi energiyani ishlab chiqish miqdorini bashoratlash tizimi xorijiy davlatlarda samarali joriy etilishi amaliyotining asosiy natijalarining tahlili o`tkazildi.






