Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida Qonun (O`RQ–720, 04.10.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga yarashilganlik munosabati bilan ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish instituti kiritirildi.
Unga ko`ra, Kodeksning bir qator moddalarida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u o`z aybiga iqror bo`lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va etkazilgan zararni bartaraf etsa, ma`muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish to`g`risida qaror chiqaradi va ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini sudga yuboradi.
Jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv to`g`risidagi arizani ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ko`rib chiqilishi vaqtida, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berishi mumkin.
Agar ish bo`yicha bir necha jabrlanuvchi bo`lsa, faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan taqdirda, yarashuv to`g`risidagi ishni yuritish mumkin.
Yarashuv to`g`risidagi ishlar bo`yicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan e`tiboran 3 kundan kechiktirmay o`tkaziladi.
Huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan ma`muriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.






