AsosiyJamiyat

O`zbekiston–Turkmaniston hamkorligi bo`yicha jami 23 ta hujjat imzolandi

'O`zbekiston–Turkmaniston hamkorligi bo`yicha jami 23 ta hujjat imzolandi'ning rasmi

Muzokaralar yakunlangach, hujjatlarni imzolash marosimi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Qo`shma bayonot qabul qildilar. Unda oliy darajadagi uchrashuvning asosiy yakunlari aks etgan, O`zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligini yanada mustahkamlashning istiqbolli yo`nalishlari belgilangan.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdi. Chegaradosh hududlarda savdo markazlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi O`zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to`g`risida bitim, Tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda korxona va kompaniyalar o`rtasidagi o`zaro manfaatli sheriklik aloqalarini kengaytirish to`g`risida bitim, Bojxona chegarasidan o`tayotgan tovarlar va transport vositalari to`g`risidagi dastlabki ma`lumotlar almashishni tashkil etish to`g`risidagi Bayonnoma shular jumlasidan.

Ishbilarmon doiralar vakillari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish to`g`risidagi bitim hamda 2004 yil 19 noyabrdagi Fuqarolarning o`zaro qatnovlari to`g`risidagi bitimga qo`shimchalar kiritish haqida Bayonnoma ikki mamlakat tadbirkorlari uchun qulay sharoitlar yaratishi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Transport, tranzit tashishlar, suvni tejovchi texnologiyalar, adliya, ijtimoiy himoya, statistika, o`simliklar karantini va himoyasi, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga doir muhim hujjatlar imzolandi.

Tashrif doirasida ko`p qirrali O`zbekiston-Turkmaniston hamkorligining deyarli barcha yo`nalishlarini qamrab oluvchi jami 23 ta hujjat imzolandi.

    Boshqa yangiliklar