Avval xabar berganimizdek, Rasul Kusherbaev benzin quyish shahobchalariga borib uning narxi va sifati bilan viziqib poytaxtdagi bir necha benzin quyish shahobchalari bilan tanishgan edi.
Uning so`zlariga ko`ra, benzin sifatiga gap yo`q, ammo uning sotuvdagi narxlariga faqat "O`zbekneftgaz" tizimidagi benzin quyish shahobchalarida amal qilinmoqda. Qolgan xususiy benzin sotuvchi tashkilotlarda esa narxlar turlicha qayd qilingan.
Mazkur masala yuzasidan Energetika vazirligi ham rasmiy ma`lumot berdi.
Vazirlik axborot xizmati xabariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish va ma`muriy tartibga solishni qisqartirish, tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirishga bosqichma-bosqich o`tish bo`yicha qabul qilinayotgan izchil choralar natijasida:
Avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan:
– 2017 yil 15 noyabrdan boshlab Ai-92, Ai-93, Ai-95 va Ai-98 markali;
– 2019 yil 15 avgustdan boshlab Ai-91 markali;
– 2020 yil 1 maydan boshlab Ai-80 markali.
Qayd etilishicha, mazkur avtobenzin narxlarini Hukumat qarorlari bilan belgilash amaliyotidan voz kechilgan.
Natijada sog`lom raqobat muhiti shakllandi va iste`molchilarga maqbul narxlarda sifatli mahsulotlar etkazib berish yo`lga qo`yilgan.
"Respublikada Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan tashqari birja savdolarida 10 dan ortiq sotuvchilar avtobenzin mahsulotini taklif etmoqda. Hozirda avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) mahalliy neft mahsulotlari bilan bir qatorda import qilinayotgan avtobenzinlarning ichki bozorda realizasiyasi tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, aholi qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzinning asosiy qismi, ya`ni 78 foizidan ortig`i Ai-80 markali avtobenzini hisoblanadi",–deyiladi xabarda.






