AsosiyJamiyat

Shartnomaviy munosabatlarda o`zgarishlar: qanday cheklovlar bekor qilindi, nimalar joriy etildi, bu bizga nima beradi?

'Shartnomaviy munosabatlarda o`zgarishlar: qanday cheklovlar bekor qilindi, nimalar joriy etildi, bu bizga nima beradi?'ning rasmi

Shartnoma – bu tomonlar o`z majburiyatlarini bajarishining garovi. 
U tomonlarning o`zaro kelishuvini aks ettiruvchi va huquqiy munosabatlarni shakllantiruvchi hujjatdir. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, investisiya jalb etish, biznes hamkorlik asosan shartnomaviy munosabatlar orqali kechadi. 

Keyingi yillarda aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan samarali ishlarning davomi sifatida joriy yilning 14 sentyabrida “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni imzolandi. 

Mazkur Farmonning qabul qilinishidagi asosiy maqsad fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish, ayrim shartnomalarni tuzishda o`rnatilgan sun`iy cheklovlarni olib tashlash, shuningdek, shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Shartnomaviy munosabatlar borasida qonunchilikda ortiqcha talablar, cheklovlar sir emas. Ushbu talablar endilikda o`zgardi, engillashdi yo bekor bo`ldi.

Oldindan to`lov shart emas

Amaldagi qonunchilikda tijorat banklari tomonidan etkazib berilgan mahsulot uchun haqni bevosita mahsulot etkazib beruvchiga to`lanishi, to`lovlarning uchinchi shaxslar hisobidan undirilishiga yo`l qo`yilmasligi belgilangan edi. Ushbu cheklov aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan o`rnatilgan ortiqcha talab bo`lib, hozirgi kunga kelib o`z dolzarbligini yo`qotgan. 

Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo`lgan korxonalar tomonidan iste`molchilar va buyurtmachilarga, agar ular etkazib beriladigan mahsulotlar qiymatining kamida 15 foizini oldindan to`lamasalar, mahsulot jo`natishi taqiqlangan bo`lib, bu qoida boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga qaraganda davlat ulushi mavjud korxonalarga nisbatan kamsituvchi holat hisoblanadi 
va erkin bozor munosabatlari shakllanishida salbiy ta`sir bermoqda. 
O`z navbatida, ushbu talab tadbirkorlik sub`ektlarining shartnoma shartlarini erkin belgilash huquqlariga ham zid hisoblanadi. 

Ushbu holatlarni bartaraf qilish maqsadida, Farmon bilan 2021 yil 
1 dekabrdan quyidagilar bekor qilinmoqda:

tijorat banklariga etkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko`rsatilgan xizmatlar) uchun to`lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo`yilgan taqiq;

davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo`lgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning mahsulotlarni etkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko`rsatish) to`g`risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to`lovni belgilashga doir talab;

qishloq xo`jaligi va chorvachilik mahsulotlari etishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o`rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.

Chet el valyutasida qarz berish va olishga ruxsat berildi

Fuqarolar tomonidan o`zaro bir-biriga qarz berish va qarz olish masalasi jamiyatda juda keng tarqalgan munosabatlardan hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olish bo`yicha shartnoma tuzishga ruxsat etilmagan edi. Fuqarolik kodeksiga muvofiq, pul (valyuta) fuqarolik huquqlari ob`ektlari qatoriga kiritilgan va fuqarolik qonunchiligining umumiy qoidalariga muvofiq erkin muomalada bo`lishi lozim. 

Qonunchilik bilan o`rnatilgan cheklovlar mavjudligi sababli, fuqarolar tomonidan qarz munosabatlarining predmeti sifatida chet el valyutasida qarz shartnomasini tuzish imkoniyati mavjud emas edi.

Farmon bilan ushbu cheklovlar olib tashlandi. Endilikda, jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida o`zaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berildi.

Elektron auksion g`olibining huquqlari yanada himoyalandi

Ya`ni qarzdorlik mulkka emas, mulkdorga yo`naltirilishi prinsipi joriy etildi. 

Amaliyotda ijro hujjatlari asosida elektron auksion natijalariga ko`ra, g`olib deb topilgan fuqarolar o`z nomiga mol-mulkni rasmiylashtirishda fuqarolar ayrim muammolarga duch keladilar. Masalan, savdo yakuniga ko`ra ob`ektni (bino, transport va h.k.) yutib olgan fuqarolar egalik qilish huquqini rasmiylashtirish jarayonida ushbu ob`ekt tijorat bankda garovda turganligini bilib qoladilar yoki boshqa taqiqlar mavjudligi aniqlanadi. Natijada fuqaro ziyon ko`rishi mumkin. 

Ilg`or xorijiy davlatlarda ushbu muammoga echim topilgan. Xususan, Ispaniya,  Germaniya va boshqa davlarda auksion sotuviga qo`yilgan ob`ekt barcha qarzlardan va taqiqlardan holi bo`lgach, auksionga joylashtiriladi. Kommunal, soliq va boshqa turdagi qarzdorlik mol-mulkka nisbatan emas, balki qarzdor fuqaro nomiga rasmiylashtiriladi. Bunda, mol-mulk yangi egasiga qarzlarsiz topshiriladi.

Mazkur muammolarni echish maqsadida, Farmon bilan 2022 yil 1 yanvardan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bo`yicha elektron onlayn auksion o`tkazishda yangi tartib o`rnatilmoqda. Masalan, ushbu tartibga ko`ra, sud hujjati bilan qarzdor deb topilgan shaxsning avtotransport vositasi elektron onlayn auksionda sotuvga qo`yilib, avtotransport vositasi bilan bog`liq qarzlar va taqiqlar aniqlanganda, sotuvdan tushgan mablag`lar hisobiga ushbu qarzlar va taqiqlar echilgandan so`ng auksion g`olibiga topshiriladi. Agar 
mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag`lari etarli bo`lmasa, qarzdorlikni to`lash majburiyati uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qoladi.

Elektron tijoratda majburiyatlarning bajarilishi kafolati kuchaytirildi

Farmon bilan eskrou tizimini joriy etishga ruxsat berilmoqda. Bu nima uchun muhim?

Avvalo, eskrou tizimi nima degan savolga javob bersak. Eskrou tizimida xaridor ma`lum tovar uchun pul mablag`larini to`g`ridan to`g`ri sotuvchiga emas, saqlash uchun uchinchi shaxsga – eskrou-agentga (masalan, elektron savdo maydonchasi operatoriga) o`tkazadi. Xaridorga tovar etib kelib, u shartnomada belgilangan sifat va talablarga muvofiq ekaniga xaridor ishonch hosil qilgach, ushbu pul mablag`lar sotuvchiga o`tkaziladi. Shartnoma shartlari bajarilmaganda esa, pul xaridorga qaytarib beriladi. 

Bir so`z bilan aytganda, eskrou xaridor va sotuvchi o`rtasida tovar 
va xizmatlar sifatini hamda to`lovni kafolatlovchi vazifasini o`taydi. Ya`ni shartnoma shartlari bajarilmaganida, u yoki bu tomonning to`lov bilan huquqlari buzilmasligiga olib keladi.

Tayyor shartnoma namunalari taqdim etilmoqda

Yuqorida qayd etilgan Farmon bilan aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga yaratilgan qulayliklardan biri sifatida shartnomalar namunalarini «yurxizmat.uz» maxsus axborot portaliga joylashtirib borilishini aytish mumkin. Ushbu maxsus portal orqali joylashtirilgan shartnoma namunalarini fuqarolar va yuridik shaxslar o`zlariga zarur bo`lgan shartnoma namunalarini yuklab olib, kundalik faoliyatlarida foydalanishlari mumkin bo`ladi. Buning 
yana bir ijobiy tomonlaridan biri ushbu shartnoma namunalarini qonunchilikka kiritiladigan o`zgartirishlardan kelib chiqib nazorat holatida yuritilishidir.

Xulosa 

Farmon bilan shartnomaviy munosabatlardagi ko`plab muammo 
va kamchiliklarni bartaraf qiluvchi tartiblar o`rnatilgan. Bu esa aholi 
va tadbirkorlik sub`ektlariga qulay shart-sharoit yaratilishiga xizmat qiladi. 

Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlik sub`ektlari shartnomaviy munosabatlarga kirishishda qonunchilik normalariga amal qilishlari, shartnoma tuzishda uning shartlari va huquq va majburiyatlari sifatida nimalar belgilanganligiga e`tibor qaratishlari va ularni bajarishga tayyor bo`lishlari lozim.

Alisher Karimov, Adliya vaziri o`rinbosari
 

    Boshqa yangiliklar