Shu yilning 28 sentyabridan O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasining qaroriga asosan, yurtimizda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash yo`lga qo`yilgani haqida xabar berilgan edi.
Ma`lum qilinishicha, koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining 12-15 yoshdagi bolalarda o`tkazilgan klinik sinovlarining natijalari mazkur vaksinaning yuqori darajada samaradorligi va xavfsizligini ko`rsatgan bo`lib, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan 12 yoshdan yuqori bolalarni va o`smirlarni Pfizer vaksinasi bilan emlash tavsiya etilgan.
SSVning ma`lumotiga ko`ra, 5 oktyabr holatiga ko`ra, yurtimizda 87 710 nafar 12 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan bolalar Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlandi.
Hozirda yurtimizda ommaviy vaksinasiya tadbirlari 3 138 ta emlash punktida va 18 828 ta harakatdagi brigadalar tomonidan amalga oshirilmoqda. Hududlardagi istalgan emlash punktida 12 yoshdan katta bolalar ota-onalari va vasiylarining roziligi asosida koronavirusga qarshi emlanishlari mumkin.
Ma`lumot uchun, mamlakatimizga jami 1 200 000 doza Pfizer/BioNTech vaksinasi olib kelingan bo`lib, 5 oktyabr holatiga ko`ra, ushbu vaksinaning 465 010 dozasi emlash jarayonlarida foydalanildi.






