AsosiyJamiyat

Senat Raisi boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida o`rganish olib bormoqda

'Senat Raisi boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida o`rganish olib bormoqda'ning rasmi

Bugun Oliy Majlis Senat Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi ishchi guruh ayollar bandligini ta`minlash, ularga yaratilgan sharoitlarni yaqindan o`rganish, “Ayollar maslahat kengashi” a`zolari va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan uchrashish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.  


Ishchi guruh dastlab, Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi. Bundan 6 oy muqaddam faoliyatini boshlagan ushbu markazda kasbga o`qitish, xorijiy tillarni o`rganish, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik kabi 6 ta xizmat ko`rsatish turi mavjud.

Monomarkazda 5 ta yo`nalishda 24 turdagi kasbga o`qitiladi. Tinglovchilarning asosiy qismi ish bilan band bo`lmagan xotin-qizlardan iborat. O`quv kurslarini tamomlagan tinglovchilarning 35 nafari “Temir daftar”da,  385 nafari “Ayollar daftari”da, 125 nafari “Yoshlar daftari”da turgan fuqarolardir. Monomarkazda kasb-hunar egallab tegishli sertifikatga ega bo`lgan tinglovchilarning 415 nafari o`zlari egallagan kasb bo`yicha ishga joylashdilar. Hozirgi kunda monomarkazda 300 nafarga yaqin tinglovchilar o`qishni davom ettirmoqdalar.

Senat Raisi markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ishsiz ayollarni o`quv kurslariga kengroq jalb qilib kasb-hunar o`rgatish, imtiyozli kreditlash orqali tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yishda ko`maklashish bo`yicha zarur tavsiyalar berdi. Ishchi guruh a`zolari shuningdek, Urganch tumanidagi  “Ulli hovli” majmuasidagi “Turkmanlar” mahallasida istiqomat qiluvchi turkman ayollari va “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlar bilan uchrashdi. 


Ushbu tarixiy majmua Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017-2018 yillarda qayta ta`mirlanib, yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Majmuada mahalla xotin-qizlari xalq hunarmandchiligining 7 ta turi bo`yicha usta-shogird an`analari asosida faoliyat olib boradilar. Eng muhimi o`zbek va turkman millati vakillari hamjihatlikda, totuvlikda yashab, mehnat qilib kelmoqdalar.

Uchrashuvda kuni kecha O`zbekiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining Toshkentdagi oliy darajadagi muloqotlari chog`ida imzolangan qator hujjatlar har ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi ta`kidlandi. Tashrifning navbatdagi manzili Yangibozor tumanidagi “Ochaqal`a” mahallasi guzari faoliyati bilan tanishuv hamda “Ayollar maslahat kengashi” a`zolari va faol xotin-qizlar bilan uchrashuv bo`ldi. Senat Raisi tuman ma`naviyat va ma`rifat markazining yangi kutubxonasi ochilishi tadbirida ishtirok etdi. 


Shundan so`ng ishchi guruh Gurlan tumanidagi Kengashlar uyida deputatlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari bilan uchrashib, ularning faoliyatiga doir ayrim masallar bo`yicha tavsiyalar berildi. Muloqotda deputatlarning ham bir qator takliflari tinglandi. Yig`ilishda mahalliy byudjetni samarali va adolatli sarflanishi ustidan nazort qilib borish, Senat tomonidan belgilab berilgan 30 dan ortiq masala yuzasidan tuman mutasaddi rahbarlarining hisobotlarini o`z vaqtida eshitib borish bo`yicha tegishli topshiriqlar berildi. 


Tuman hokimligida bo`lib o`tgan uchrashuvda "Ayollar daftari" bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ayollar masalasi bilan bog`liq tashkilot xodimlari va sektor rahbarlariga oilaviy ajrimlarni kamaytirish, nizolarni vaqtida bartaraf etish va tuman ayollarining siyosiy va ijtimoiy maydondagi rolini oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek ayollar daftariga kiritilgan tikuvchilik bo`yicha maxsus o`quv kurslarini tamomlaganlarga tikuv mashinalari topshirilib, iste`dodli yoshlar faoliyatiga doir badiiy ko`rgazma bilan tanishildi. 

Ayni damda Xorazm viloyati hokimligi binosida Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputatlari bilan uchrashuv bo`lib o`tmoqda. Unda ayollar va yoshlar masalasi, bandlikni ta`minlash, ishsizlikni bartaraf etish, kambag`allikni qisqartirish hamda mahalliy byudjet mablag`larini to`g`ri yo`naltirish kabi masalalar muhokama etilmoqda. 
Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi ishchi guruhning viloyatga tashrifi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar