AsosiyJamiyat

Saylov payti jamoat xavfsizligini ta`minlashga mas`ul qilib tayinlangan xodimga nimalar taqiqlanadi?

'Saylov payti jamoat xavfsizligini ta`minlashga mas`ul qilib tayinlangan xodimga nimalar taqiqlanadi?'ning rasmi

2021 yil 7 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjaev olib bordi.

Majlis kun tartibidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari,O`zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish masalalari joy oldi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi. 

Komissiya a`zolari dastlab O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risidagi masalani ko`rib chiqishdi.

Qayd etilganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risidagi qaror bilan jamoat xavfsizligini ta`minlashga mas`ul xodimlarning saylov davridagi vazifalari va majburiyatlari belgilanmoqda. 

Unga ko`ra O`zbekiston Prezidenti saylovini o`tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi tomonidan amalga oshiriladi. 

Jamoat xavfsizligini ta`minlashga mas`ul xodim o`z faoliyatini saylov komissiyalari bilan hamkorlikda tashkil etadi, saylov byulletenlari olingan kundan boshlab byulletenlar hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binoning qo`riqlanishi, shuningdek okrug va uchastka saylov komissiyalari a`zolari kuzatuvi ostida saylov natijalariga doir hujjatlarni tashishda xavfsizlikni ta`minlaydi.

Shu bilan birga, saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o`z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash choralarini ko`radi. 

Jamoat xavfsizligini ta`minlashga mas`ul xodimga saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga ta`sir o`tkazish, saylovchi saylov byulleteniga o`z belgisini qo`yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo`lish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo`yishda biron-bir tarzda yordam ko`rsatish, saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan uning majlislarida hozir bo`lishga, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish taqiqlanadi.

Komissiya a`zolari tomonidan  O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.

Qayd etilganidek,Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 156 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditasiyadan o`tkazish bo`yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to`g`risidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, Belgiya, BAA, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xindiston, Chexiya, Rossiya, Tojikiston, Qozog`iston kabi davlatlardan jami 156 nafar xalqaro kuzatuvchi ro`yxatdan o`tkazildi.

Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditasiyadan o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 380  nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish davrida o`z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda. 

Komissiya a`zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish masalasi ham ko`rib chiqildi.

Qayd etilganidek, o`tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga 6 ta mahalliy  Ommaviy axborot vositasi tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish to`g`risidagi qaror loyihasi bir ovozdan ma`qullandi hamda jami 23 nafar mahalliy  OAV vakili akkreditasiyadan o`tkazildi. 

Endilikda akkreditasiyadan o`tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1357 nafar,  xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida 4-Jizzax, 6-Namangan, 13-Qashqadaryo va 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiya raislarining saylovga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha hisobotlari tinglandi. 

Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a`zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. 

 

 

    Boshqa yangiliklar