AQShning 45-prezidenti Forbes jurnalining chorak asrda birinchi marta eng boy amerikaliklar ro`yxatiga kira olmadi, deya yozmoqda, "Forbes" ga tayanib "Zamon" nashri.
Qayd etilishicha, 400-o`rindan joy olishi uchun unga “atigi” 400 million dollar etmay qolgan.
Baholanishicha, Trampning boyligi 2,5 milliard dollarni tashkil etadi. Ammo bu yil “milliarderlar klubi”ga kirish “bahosi” 2,9 milliard dollarga ko`tarildi.
Birinchi o`rin ketma-ket to`rt yildan beri "Amazon" asoschisi Jeff Bezosga nasib qilmoqda. Uning kapitali bir yilda 22 milliard dollarga o`sib, 201 milliardga etdi. Ikkinchi o`rinni 190,5 milliard dollar boyligi bilan Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask egalladi. Uchinchi o`rinda esa 134,5 milliard kapitali bilan Facebook asoschisi Mark Sukerberg qayd etildi.
Tramp Forbes'ning 400 o`rinli ro`yxatidan tushib qolgan birinchi odam emas. U bilan birga mashhur teleboshlovchi Opra Uinfri, biznesmen va investor Ronald Perelman ham eng boy amerikaliklar ro`yxatini tark etgan.
Reytingda 44 ta yangi familiya paydo bo`lgan.






