AsosiyJamiyat

Rossiya O`zbekistondan 10 ming quruvchini jalb qiladi

'Rossiya O`zbekistondan 10 ming quruvchini jalb qiladi'ning rasmi

Rossiya hukumati O`zbekistondan 10 ming nafar quruvchi jalb qilish loyihasini tasdiqladi. Ishchilarning patent olish va emlanish xarajatlari qurilish kompaniyalari tomonidan qoplanadi.

Rossiya Federasiyasi Vazirlar Mahkamasi O`zbekistondan 10 ming quruvchini jalb qilish bo`yicha loyihani tasdiqladi. Qarorda qurilish ishlariga jalb qilinadigan o`zbekistonliklar koronavirusga qarshi emlangan bo`lishi yoki Rossiyaga kelishi oldidan 5 oydan ko`p bo`lmagan vaqt ichida kasallikni boshdan kechirgani haqidagi hujjatni taqdim qilishi kerakligi belgilab qo`yilgan.

“Rossiyaning qurilish sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O`zbekiston fuqarolarini jalb qilish bo`yicha dastlabki loyiha amalga oshirilsin”, deb aytilgan qarorda.

Hujjatda Rossiyaga ishlagani keluvchi o`zbekistonliklar O`zbekistonda “Sputnik Layt” vaksinasi bilan emlanishi aytilgan. Bundan tashqari, Rossiyaga ishchilarni olib kelish, ularning emlanishi va ularga mehnat patentini rasmiylashtirish bilan bog`liq xarajatlar ish beruvchi hisobidan qoplanishi, ishga keluvchilar Rossiyaga kirgandan keyin 14 kunlik karantindan o`tmasliklari aytilgan.

Loyihada ishtirok etuvchi qurilish kompaniyalari turli yo`nalishlar bo`yicha malakali ishchilarga ehtiyoj sezayotganlarini aytishgan. Ishchilar aynan shu aniq yo`nalishlar bo`yicha tanlov asosida yollanadi.

Rossiya qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri o`rinbosari Nikita Stasishinning ta`kidlashicha, qarorning qabul qilinishi mehnat migrantlarini jalb qilish bo`yicha aniq qadamlarni amalga oshirishga imkon beradi.

Loyiha ishtirokchilari sifatida Rossiya mehnat, ichki ishlar, tashqi ishlar, qurilish, sog`liqni saqlash, ta`lim va fan hamda favqulodda vaziyatlar vazirliklari belgilangan.

Ayni vaqtda Rossiyada koronavirus pandemiyasi sababli chegaralar yopilgani va xorijiy ishchilarni yollash imkonsizligi sababli ishchi kuchi taqchilligi kuzatilmoqda.

    Boshqa yangiliklar