Bugun, 8 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoevning surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi boshlandi. Termiz shahridagi “Muz saroyi” kompleksida bo`lib o`tayotgan uchrashuvni Surxondaryo viloyat xalq qabulxonasi mudiri Abduhakim Eshmurodov ochib berdi va olib bordi.
Moderator viloyat bo`yicha erishilgan yutuqlar, ayniqsa “To`palang” suv omboridan suv keltirish bo`yicha katta loyihaga to`xtaldi. Shundan so`ng Shavkat Mirziyoevga so`z berildi.
"Assalomu alaykum qadrli, mehribon Surxon xalqi. Bu zamindagi har bir harakatlarimiz ko`z o`ngimda. Prezidentlikka qadar ham nima qilsak, Surxon elining og`iri engil bo`lishi bo`yicha bosh qotirganmiz. Albatta, bugun sizlar bilan Yangi O`zbekistonning keyingi 5 yillik rejalari haqida gaplashamiz, shu paytgacha nimalarga erishdik, degan savolga javob izlaymiz. 5 yil oldingi rejalarimizga o`zimiz ham ishonmagandik. Lekin eng katta vazifamiz xalqni rozi qilish. Surxondaryoda ham shu 5 yilda qilingan o`zgarishlarni adolatli hakam bo`lsa, e`tirof etadi.
Shiddatli, tahlikali zamonda yashayapmiz, pandemiya oqibatlari bilan kurashyapmiz. 2015 yil 14 mart kuni bu kasallik Fransiyadan kirib kelgani ilk bor aniqlangandayoq aytganman – endi bu kasallik bilan kurashib yashashga o`rganishimiz kerak, deganman. Ko`ryapsiz, katta-katta davlatlarda ham har kuni yuzlab odamlar vafot etyapti. Qattiq jang ketyapti. Ilohim ko`z tegmasin, kasallik tarqalishi bizda ancha kamaydi, choralar o`z ta`sirini ko`rsata boshladi. Lekin ehtiyotkorlikni susaytirmasligimiz kerak.
Biz bu 5 yilda katta tajriba orttirdik, iqtisodimizni kuchaytirishga harakat qildik. Shunday davr bo`ldiki, Surxondaryoda tadbirkorlik yo`q edi, yo`q bo`lib ketgandi. Surxon xalqining boshiga tuhmatlar, bo`htonlar bo`lgani ham rost. Eng katta yutug`imiz Konstitusiyamiz bergan erkinlik ta`minlanayotgani bo`ldi. Inson qadri degani oddiy tilda aytganda xotirjamlik, erkin nafas olish va bir-birimizga ishonch tug`ilgani, “qilsa bo`lar ekan-ku” degan fikrga kelganlari bo`ldi", - dedi Shavkat Mirziyoev.






